Buxoro viloyatining Jondor tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa 31-may kuni soat 17:30 da G‘uzor–Beyneu yo‘nalishidagi A-380 yo‘lining 301-kilometrida, “Luqmon” Gazli cho‘l hududidan o‘tuvchi asfalt yo‘lda sodir bo‘lgan. 24 yoshli haydovchi Sh.X. Lacetti avtomobilini boshqarib ketayotib o‘ziga nisbatan yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan harakatlanib kelayotgan 46 yoshli D.Sh. boshqaruvida bo‘lgan MAN yuk avtomashinasini old qismiga borib urilib, yo‘l transport hodisasi sodir qilgan.

Foto: Tergov departamenti

Oqibatda Lacetti haydovchisi Sh.X. va ushbu avtomashina old yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchi 48 yoshli T.Q. og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa joyda vafot etgan.

Foto: YHXBB

YHXBB tomonidan e’lon qilingan suratlarda Lacetti mashinasi bo‘laklarga bo‘linib ketganini ko‘rish mumkin.

Foto: YHXBB

Foto: YHXBB

Holat yuzasidan Jondor tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Hozirda dastlabki tergov harakatlari Buxoro viloyati IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Foto: YHXBB

YHXBB haydovchilarga murojaat qilib, transport vositasini boshqarayotgan vaqtda hushyor bo‘lishni va amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat’iy rioya qilishni so‘rab qoldi.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni Surxondaryo Captiva bilan to‘qnashgan traktor ham bo‘laklarga bo‘linib ketgan va hodisa oqibatida 13 yoshli bola vafot etgandi. Buxoro viloyatida 19-may kuni Nexia va Lacetti to‘qnashuvi oqibatida ham 2 kishi halok bo‘lgandi.