Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat’iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

“Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan o‘zlari olib ketishadi”, – degan Prezident.

Xabarda bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolayotgani, lekin bir qator yo‘nalishlarda raqobat muhiti shakllanib bo‘lgan 19 xil mahsulot va xizmatlar bo‘yicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish mumkinligi qayd etilgan.

“Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Rahbarlar shunga munosib bo‘lsa, ishlaydi, bo‘lmasa – ketadi”, – degan Shavkat Mirziyoyev.