Saudiya Arabistonida koronavirus bilan kasallanganlar soni ortayotgani sabab Ramazon hayiti arafasida 22-maydan harakatlanishga to‘liq taqiq qo‘yildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi vakili Talol ash-Shalxubga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Ta’kidlanishicha, 23—27-may kunlari mamlakatning barcha shahar va mintaqalarida karantin rejimi kuchaytiriladi.

23-maydan boshlab podshohlikdagi barcha savdo markazlarini noma’lum muddatga yopish rejalashtirilgan.

Saudiya Arabistoni kasalxonalarida koronavirusga chalinganlarni davolashda sun’iy intellektdan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ar-Riyod va Jidda shaharlaridagi tibbiyot komplekslarida Xitoyda ishlab chiqarilgan robot-shifokordan foydalanilmoqda, u bemorlarga tashxis qo‘yib, tahillar o‘tkazadi.

Apparatga shifokorlar masofadan turib COVID-19’ga chalinganlar bilan ishlay olishini ta’minlovchi qurilmalar o‘rnatilgan, u rentgenga tushiradi va smartfondagi ilova yordamida bemorning kasallik tarixi qaydlarini tekshiradi.

Robot-shifokor tibbiyot xodimlari va infeksiyaga chalinganlar orasidagi aloqani 95 foizga qisqartirishga yordam beradi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 67 719 kishiga yetgan, 28 218 bemor virus qurboniga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus sabab Saudiya Arabistonida 23-martdan boshlab shaharlar aholisining harakatlanishiga taqiq kiritilgan bo‘lib, soat 19:00 dan 06:00 ga qadar komendantlik soati joriy etilgan. Mazkur cheklov 21 kun davomida amalda bo‘lishi belgilangan edi. Aprel oyining oxirlarida komendantlik soati qisman bekor qilinishi ma’lum bo‘lgandi.