“Yuksalish” umummilliy harakati Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish maqsadida davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar tasvirlangan infografika bilan bo‘lishdi.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Unga ko‘ra, Sardobadagi talafot oqibatida zarar ko‘rgan elektr tarmoqlarini qayta ta’mirlash uchun 68 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, zarar yetgan xonadonlarni ta’mirlashga (1773 ta uy) 123 milliard so‘m yo‘naltiriladi, shuningdek, yana 3 ta yangi uy-joylar dahasi quriladi, uning ichidan 1 ta maktab, 66 ta uy, 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda bitta qishloq oilaviy poliklinikasi joy oladi. Bundan tashqari:

  • aholi hujjatlari uchun — 1 milliard so‘m;
  • ijtimoiy soha obyektlariga — 85 milliard so‘m;
  • ichimlik suvi tarmoqlariga — 163 milliard so‘m;
  • yo‘llar, ko‘priklarni ta’mirlashga — 390 milliard so‘m;
  • irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlariga — 100 milliard so‘m;
  • aloqa va kommunikatsiya tizimlari — 13 milliard so‘m;
  • tabiiy gaz tarmoqlariga — 22 milliard so‘m ajratiladi.

Ta’kidlanishicha, davlat budjetidan ajratiladigan jami xarajatlar 1,5 trillion so‘mni tashkil etadi.

15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sardobaliklar bilan uchrashuvda suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, shu kuni suv toshqinidan jabr ko‘rgan 4,5 mingdan ortiq xonadon egalariga 40 million so‘mlik moddiy yordam sertifikati, maishiy texnika to‘plami uchun sertifikat va ichida pul mablag‘i bo‘lgan bank kartochkalari tarqatilishi ma’lum qilindi.