XX asr o‘zbek adabiyoti tarixida ziddiyatli adiblar bisyor. Ana shunday shaxslardan biri — shoir Botu — Maqsud Hodiyevdir. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov shoirning hayot yo‘li va qatag‘on yillari haqida hikoya qiladi.
Hayot yo‘li
Botu 1904-yilning 15-may (ba’zi manbalarda 16-may) kuni Toshkent shahrining Shayxontohur dahasidagi “Qatorterak” mahallasida dunyoga kelgan. Otasining ismi Maqsud aka, onasi — To‘xta aya. Dastlabki xat-savodini olti yoshida eski usuldagi maktabda, keyin esa rus-tuzem maktabida o‘qidi. 1914—1917-yillarda o‘qituvchilar tayyorlaydigan kurslarda, 1921—1927-yillarda Moskva davlat univesitetida iqtisodchi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldi. Moskvada o‘qib yurganida ayoli Valentina Petrovna Vasilyeva bilan tanishib turmush quradi. Turmushidan bir o‘g‘il va bir qiz dunyoga keladi. O‘g‘lining ismi Erkli, qizining ismi esa Naima. Ikkala farzandi ham kelajakda tibbiyot sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishadi.Botu ijodiy faoliyatini 1920-yillarda boshladi. 1921-yilda “Farg‘ona” gazetasida muharrirlik qildi. Bu haqida akademik Naim Karimov quyidagicha yozadi: “Shu murakkab davrda Botu singari ilg‘or yoshlarni o‘z ta’sir doirasiga tortmoqchi va kelajakda ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanmoqchi bo‘lgan boshqa kuchlar ham yo‘q emas edi. Shunday kuchlar tufayli u 1921-yilda ‘Farg‘ona’ gazetasiga muharrir etib tayinlandi. 1922-yilda esa Moskvaga Prokovskiy nomidagi institut qoshidagi ishchilar fakultetitga o‘qishga yuborildi. Botu o‘qishni tugatgach 1923—1927-yillar davomida 1-Moskva davlat universitetining ijtimoiy fakulteti iqtisod yo‘nalishida tahsil oldi” (Botu, Tanlangan asarlar, 5—6-bet, “Sharq”, Toshkent, 2004).
Botuning ijodiy faoliyatiga Moskvadagi yillar katta ta’sir ko‘rsatdi. U yerda Botu zamonasining yetuk adiblari Fitrat va Cho‘lponlar bilan muntazam aloqa qilib bordi. Hatto Cho‘lpon uning o‘g‘liga ism qo‘yib berdi. Fitrat uni adabiyot bilan shug‘ullanishga undagani haqida o‘zining tergov materiallarida qayd etib o‘tgan.
1925-yilda uning ilk she’riy to‘plami “Umid uchqunlari” nomi ostida Toshkentda nashr etildi. Keyingi to‘plami esa 1929-yilda “To‘lqin uchqunlari” nomi bilan nashrdan chiqdi. She’rlarida millatni rivojlanishga, ilm olishga, ma’rifatga chaqiriq yetakchilik qilgan. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida uning ijodi jadidlarning yetuklaridan Munavvarqorining ijodidan ilhom olganligi qayd etilgan. 20-yillar oxirida Kommunistik partiyaning “Alanga” jurnalida bosh muharrirlik qila boshlaydi. Botu O‘zbekistonda arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish tarafdorlaridan biri bo‘lgan. Botu Turkiston va O‘zbekistonda siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan va uning shoirligi xalq orasida mashhurlik olib kelgan edi. Shuning uchun ham uning ishchilar fakultetini tugatib, Toshkentga qaytishi matbuotda katta shov-shuv bo‘lgan.
“Turkiston” gazetasining 1923-yilgi 21-iyul sonida “O‘rtoq Botu Turkistonga qaytdi” sarlavhali maqolasida quyidagilar keltiriladi: “Yosh shoirimiz o‘rtoq Botu bu yil Moskovdagi birinchi hukumat dorilfununi ishchilar fakultetini bitirdi. Bu fakultet Rusiya o‘rta maktablarining birinchisi sanaladur… Qizil Rusiyadagi ishchi-dehqonlarining o‘rta maktabini bitirgan o‘zbek yoshlaridan o‘rtoq Botu birinchiginadir. O‘rtoq Botu birinchi hukumat dorilfununining iqtisod fakultetiga o‘qishga kirdiki, kelgusida iqtisodchilarimizdan biri bo‘lg‘usidir”.
Keyinchalik iqtisod bo‘limini tugatib kelganidan keyin esa u haqida “Yer yuzi” gazetasi ham 1927-yil 18-sonida maqola chop etadi: “Botu Hodiyev Moskovda davlat dorilfununining iqtisod fakultasini yaqinda bitirib, O‘zbekistonga keldi. Bu yil O‘zbekistonda ishlab, diplom ishini bajaradi. O‘rtoq Botu hozir Samarqandda Markaziy firqa qo‘mitasining ixtiyoridadir. Botu o‘zbeklar orasida iqtisod fakultasining to‘ng‘ich bolasidir” (Botu, Tanlangan asarlar, 10—11-bet, “Sharq”, Toshkent, 2004).
Botu qaytganidan keyin siyosiy faoliyatga kirishdi. 1927-yilda O‘zbekiston kompartiyasining markaziy qo‘mitasida instruktor, Samarqanddagi markaziy partiya maktabida voiz va rahbar vazifasini bajardi. Keyin markazqo‘mning matbuot bo‘limiga mudir bo‘ldi. Siyosiy faoliyatda kompartiyaning bir qator komissiyalari tarkibida, jumladan, g‘ayridiniy komissiya va ayollar ozodlik komissiyalari tarkibida faoliyat olib bordi.
Uning siyosiy faoliyati haqida akademik Naim Karimov quyidagicha fikr bildiradi: “Shu yillarda respublika rahbarlarining umid ko‘zi Botuga qaratilgan edi. Ular Botuni partiyaviy ishlarda pishitib, so‘ng respublika miqyosidagi yuqori martabalarga ko‘tarish niyatida edilar. Uning 1929-yil 28-avgustda Xalq maorif kommissari o‘rinbosari etib tayinlanishi ham shu maqsaddagi dastlabki qadamlardan edi” (Botu, Tanlangan asarlar, 11-bet, “Sharq”, Toshkent, 2004). Shuningdek, 1930-yilda O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasining tashviqot-targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i lavozimida ham faoliyat yuritdi.
Qatag‘on iskanjasida
1930-yil 23-iyulda Botu o‘zi sadoqat bilan xizmat qilgan va katta ishonch bildirgan tuzum uni tuhmat bilan qamoqqa oldi (Mahmudova, Naima. Jizn — po plechu. Tashkent, 2008). Unga “Xalq maorif komissarligida aksilinqilobchi va millatchilar guruhing rahbari” degan jiddiy ayb qo‘yildi. Yoz oyida qamoqqa olingani uchun Moskvaga olib ketilganida yupqa kiyimlarda bo‘lgani Botuning o‘zi shundoq ham dardmand badaniga Rossiya sovug‘i jiddiy xavf soladi. Qamoqda yotganida bir necha bor OGPU bo‘limi rahbariga aybsiz ekani haqida yordam va muruvvat so‘rab xat yozadi. Shu xatlardan bir qanchasini quyida ko‘rishingiz mumkin.Butirka qamoqxonasida yotgan kezlarida yolg‘izlikda turli xayollarni boshidan o‘tkazadi. Ustozlari va maslakdoshlarining xatti-harakatlarini qayta-qayta tahlil qilib, ularda millatchilik va aksilinqilobchilik unsurlarini topadi. Hatto o‘zining Sovet davlati oldidagi gunohlarini tan oluvchi, O‘zbekistondagi millatchilik va aksilinqilobchilik ruhidagi harakatlarni qoralovchi asarlar yoza boshlaydi. U tergovchi nomiga yozgan bir xatida hatto bunday so‘zlarni aytadi:
Tergov hujjatlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, Botuning Xalq maorif komissarligida “in qurgan” millatchilar va aksilinqilobchilar haqida ma’lumot berishi evaziga unga ozodlik qilgan bo‘lishlari mumkinligi anglashiladi. Ozod bo‘lish umidi bilan shunday ruhdagi asarlar yozganini ham taxmin qilish mumkin.
Yozuvchi Nabijon Boqiy o‘zining Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan “Qatlnoma” hujjatli qissasida Botu haqida quyidagilarni keltiradi:
Yolg‘onchi siyosatning, Munofiq G‘oyaning ishvalariga uchib, aldanib qolgan o‘zbek ziyolilarining “tipik sharoitdagi tipik” vakili Mahmud Hodiyev — Botudir. U iste’dodli shoir va millatparvar fuqaro edi. Biroq umrining oxirigacha ‘alohida olingan mamlakatda g‘alabaga erishgan inqilob’ning asl mohiyatini anglay olmadi — tumtaroqli, jimjimador alvon shiorlar aql-hushini o‘g‘irladi; inqilob tufayli ‘buzilg‘on o‘lka’ning holiga yig‘lagan Cho‘lpon kabi maslakdoshlariga ‘sinfiy vaziyatda’ turib zarbalar berdi va “tuzalg‘on o‘lkaga” bag‘ishlab qasidalar bitdi, qasidago‘ylik an’anasini G‘ayratiy kabi yosh shoirlarga meros qilib qoldirdi.Dastlab o‘lim jazosiga hukm qilindi, keyinchalik 1933-yil 31-mart kuni unga qo‘yilgan jazo 10 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtiriladi. Bir qator boshqa mahbuslar bilan birga Solovets orollariga surgun qilindi. U yerda Sovet Ittifoqining kelajakdagi qatag‘on qurbonlari uchun birinchi konslageri ishga tushadi. Shimoliy Muz okeanida joylashgan mazkur oroldagi konslagerda dastlabki yillardayoq ko‘pchilik mahbuslar qirilib ketadi.To‘g‘ri, 20-yillar dolg‘ali, bolg‘ali edi, uncha-muncha siyosatdon ham, shoir-yozuvchi ham osonlikcha kalavaning uchini topa olmasdi. Ammo inqilob shamoli qayoqqa qarab esa boshlaganini bilish uchun usta siyosatdon, mingta chig‘iriqdan o‘tgan qalamkash bo‘lish shart emas, buning uchun xalq dodiga quloq solish, yurt ahvoliga ko‘z qirini tashlash kifoyadir. Kifoya edi... Biroq “jahon inqilobi arafasida” osmoni falakka tinimsiz otilayotgan mushaklar tovushi quloqlarni bitirib, yog‘dusi ko‘zlarni qamashtirib qo‘ygan edi... Afsuski, ikkinchi to‘lqin paytidayoq Botu ham Tegirmonga tushib ketadi.
“Qatlnoma”, Nabijon Boqiy, Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992
Botu qamoqda ekan, uning oilasi ham tashvishlar girdobida qoldi. Jumladan, maktabda o‘qiydigan o‘g‘li Erkli “xalq dushmanining bolasi” sifatida o‘qituvchisi tomonidan izza qilinadi va maktabdan haydaladi. Bu haqda Vladimir Fetisov “Botu bolalari” ocherkida quyidagi voqeani hikoya qiladi:
1937-yilning kuzida o‘zbek tili o‘qituvchisi Munavvar Ahmadjonovna sinf xonasiga kirib shunday deydi: “Bolalar, hukumatimizda xaql dushmanlari bor ekan: Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Dmitriy Manjara. Mana, sinfimizda Erik (Erkli) bor. U yaxshi bola, a’lochi bola, aqlli bola, ammo uning otasi ham xalq dushmani. Ular yurtimizga boylar, kapitalistlar, burjuaziya va ‘bosmachilar’ning qaytishini istashyapti”. Erkli bu so‘zlarni tinglab chidab turolmaydi va partadan bir taxta qo‘parib olib, o‘qituvchining yuziga zarba beradi.Keyinchalik Erkli ham xalq dushmanining o‘g‘li sifatida, ayoli Valentina ham turli muddatlarda qamoqqa tashlanadi. 1946-yilda Erkli, 1950-yilda Valentina qamoqdan chiqadi va ular Xivada yashay boshlaydi. 1958-yilda Valentina to‘la oqlanadi.
Solovets orollarida olti yillik azob-uqubatdan keyin, 1937-yilda Botu Moskvaga, Stalin nomiga xat yozadi. Yozuvchi Nabijon Boqiy tergov materiallari asosida yozilgan “Qatlnoma” qissasida uning mazkur xatini ham keltirib o‘tadi. Mana o‘sha xat:
Men O‘zbekistondagi millatchilik tashkilotining rahbari kim ekanini bilaman, agar Tutqungohdan chiqarilib, kamina Toshkentga olib borilsa, jamiki “xalq dushmanlari”ni fosh etib tashlardim, faqat oldindan qo‘limga ularning ro‘yxati berilsa bas, shunday qilib qummunistik vijdonim oldida o‘zimni oqlashni istayman!Afsuski, Sovet ma’muriyati Botudan xo‘rak sifatida foydalandi. Uning ozodlik uchun qilgan barcha urinishlari behuda ketdi. 1937-yili yangi ochilgan ish bilan maxfiy ravishda Toshkentga olib kelindi va yana Moskvaga olib borilib tergovga tortildi, 1938-yil 9-may kuni otib tashlandi. O‘zbek adabiyotining umidli shoirlaridan biri shu tariqa tarix sahnasidan o‘chirib tashlandi.
Botu zamondoshlari xotirasida
Tarixda o‘tgan har qanday shaxs haqida xolis baho berishda tarixiy hujjatlar va zamondoshlar xotiralarini sinchiklab o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Botu shaxsiyatiga baho berishda ham uning zamondoshlaridan ba’zilarining u haqida aytgan fikrlariga nazar tashlaylik. Bunda “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Botu. Tanlangan asarlar” kitobiga murojaat qilamiz.Qatag‘on tuzini totgan, umrining chorak asrini qamoqxonalarda o‘tkazgan Laziz Azizzoda shoir haqida shunday hikoya qiladi:
Botuning ruhida zarif bir tuyg‘u, nozik his, odamiylik bor edi. Xalqqa xizmat qilish g‘oyasi uning miyasidan keng o‘rin olgandi. U rohatni, zavqni mehnatkashlarga xizmat qilishdan olgan… U yoshlik chog‘idanoq, jamoat ishlariga jo‘shqin muhabbat bilan kirishdi va tezda jamoat arboblari orasida o‘ziga munosib o‘rin topdi. Men Botuning siymosida doimo bir insoniy sevgi va fidoyilikni sezardim.30-yillarda Yo‘qsul taxallusi bilan ijod qilgan shoir Bahrom Ibrohimov Botu haqida quyidagi qiziq voqeani so‘zlab beradi:
Ular maktab va bolalar uylarini tekshirish uchun Samarqanddan Toshkentga kelganlarida Botu bir bola bilan tanishib qolgan. Bolalar uyida tarbiyalanayotgan bu bolaning ilk she’rlarini eshitib, ularni o‘zi muharrirlik qilgan “Alanga” gazetasida chop ettiradi. Keyinchalik o‘zbek shoirlari orasida munosib o‘rin egallagan bu bolaning ismi Hasan Po‘latdir.Tarix fanlari nomzodi Ochil Qodirov esa Botu haqida shunday fikrlarni aytadi:
Shoir Botu bilan 1926-yil may oyida Moskvada tanishganman. U juda serg‘ayrat, qarashlari ma’nodor, teran fikrli inson edi. U rus tilida ham juda yaxshi she’rlar yozardi. Sira esimdan chiqmaydi, bir she’ri qamoqda yotgan mahbuslar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Oz muddat qamalgan bo‘lsam-da, uning she’rini yodlab olgan edim. Botu Xalq maorif komissarligida oz muddat ishlagan bo‘lishiga qaramay, viloyatning o‘zida o‘ndan ortiq shahar va qishloq maktablarining ochilishida tashabbuskor bo‘ldi. Botu o‘ta puxta o‘ylagani va keng fikrlagani uchun ham tengqurlari orasida katta hurmat va e’tiborga ega edi. Botu yosh bo‘lsa ham, Fitrat, Cho‘lpon, Elbek kabi ulug‘lar bilan tenglasha oladigan kuchga ega shoir edi.Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Botu zamondoshlari orasida ham kattagina hurmatga sazovor bo‘lgan. Maqolamizga esa uning ijodi haqida tasavvur paydo bo‘lishi uchun uning qalamiga mansub quyidagi satrlar bilan yakun yasaymiz:
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.Yoz kuni
Qish kuni o‘tib, yoz kuni keldi,Yer yuzin olgan qorlar tugaldi.
Har kim egnidan paxtalik tushgan,
Yupqa kiyimlar, boqing, kiyilgan.
Chechak ochildi bog‘larda bu kun,
Bulbul chiqarar yoqimli bir un.
Butun og‘ochlar chiqardi yaproq,
Ulug‘ Tangrining qudratiga boq.
Qushlar sayrashuv og‘ochga qo‘nib,
Har kimni ko‘rsang, yurar shodlanib.
G‘ir-g‘ir shamollar yuzga urarlar,
Ko‘ngilga qanday shodlik berarlar.
Qish o‘tdi emdi, ey turonliklar,
Bitsin yalqovlik, turkistonliklar!
1919-yil, 24-iyun
Izoh (0)