Angliya hukumati barcha sport musobaqalarini 1-iyundan davom ettirishga ruxsat berdi, deya xabar bermoqda Sky Sports nashri.

Foto: Twitter / @Arsenal

Ta’kidlanishicha, musobaqalar muxlislarsiz o‘tkaziladi. Jumladan, futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasi o‘yinlari ham bo‘m-bo‘sh tribunalar ostida o‘tadi. Muxlislar koronavirusga qarshi vaksina topilgandan keyingina o‘yingohlarga qaytishi mumkin.

Avvalroq APLning 2019/20-yilgi mavsumi 12-iyundan davom ettirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Chempionatda ko‘plab jamoalar 29-tur uchrashuvlarini o‘tkazib bo‘lgan. Ayrimlari esa bittadan kam o‘yin o‘tkazgan. Musobaqa jadvalida “Liverpul” ikkinchi o‘rindagi “Manchester Siti”ni 25 ochkoga ortda qoldirgan holda yakka peshqadam bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol bo‘yicha Germaniya Bundesligasi bahslari 16-maydan boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!