Navoiy viloyatining Navoiy shahrida 5-may kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar berdi.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 04:40 larda Islom Karimov ko‘chasida yuz berdi. 1994-yilda tug‘ilgan D.N. Nexia-3 avtomobilini yuqori tezlikda boshqarib kelib, svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga to‘xtamasdan chorrahadan o‘ngga tezlik bilan burilgan. Shu vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi simyog‘ochga urilgan.

Foto: YHXBB

YTH oqibatida 26 yoshli D.N. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Foto: YHXBB

Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4-may sanasida yuz bergan ikkita YTH odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Samarqandning Urgut tumanida “Jiguli” va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida 22 yoshli ayol va uning 2 yoshli bolasi, Qashqadaryoning G‘uzor tumanida Lacetti asfalt yotqizish mashinasiga urilishi oqibatida 31 yoshli haydovchi vafot etgandi.