Samarqand viloyatida 4-may soat 19:30 da sodir bo‘lgan YTHda ona-bola hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Hodisa Urgut tumanining “Tinchlik” mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida sodir bo‘ldi. Samarqanddan Tojikiston Respublikasiga harakatlanayotgan “VAZ-2106” (“Jiguli”) haydovchisi 27 yoshli F.R. mast bo‘lgan. U qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan 29 yoshli haydovchi Z.A. boshqaruvidagi “GAZ-5327” rusumli yuk avtomashinasining o‘ng yon tomoniga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
To‘qnashuv natijasida yuk mashinasi yo‘lovchilari (haydovchining turmush o‘rtog‘i va farzandi) 22 yoshli D.S. va voyaga yetmagan 2 yoshli A.N. og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda bir hafta ichida odam o‘limi bilan yakunlangan 7 ta YTHdan 5 tasi Surxondaryoda sodir bo‘ldi