Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi koronavirus bilan kasallangan bemorlarga karantin muddati zerikishsiz o‘tishi uchun planshet va smartfonlarini sovg‘a qilmoqda, deb xabar bermoqda CNET.

Foto: 3Dnews

“Biz karantinda bo‘lgan bemorlarga qarindoshlari va do‘stlari bilan aloqada bo‘lib turishlari uchun smartfon hamda planshetlar beryapmiz. Bundan tashqari, shifoxonalar va karantin markazlariga havo tozalagich va boshqa qurilmalarni yetkazib beryapmiz. Shuningdek, bolalar o‘qishni masofadan turib davom ettirishlari uchun turli ta’lim muassasalarini kerakli qurilmalar bilan ta’minlayapmiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Samsung kompaniyasi mahalliy hukumat va jamiyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hozirga qadar 26 million dollar ajratdi.

COVID-19 koronavirusi pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Shuningdek, ko‘plab texnologik kompaniyalar jabr ko‘rdi, do‘konlar va ofislar yopildi, xodimlar soni qisqartirildi, qolganlar esa masofadan turib ishlashga o‘tdi. Koronavirus Samsung kompaniyasiga ham zarar yetkazdi. Uning fabrikalarida ilk bemorlar paydo bo‘ldi, kompaniya AQShdagi do‘konlarini yopdi, bundan tashqari, xodimlarining maoshlarini kamaytirdi.

Ta’kidlanishicha, kompaniya muhandislari tibbiyot niqoblari ishlab chiqarish jarayonlarini loyihalash bo‘yicha Janubiy Koreyaning boshqa kompaniyalari bilan ishlab kelmoqda.