“Milan” klubi hujumchisi Zlatan Ibragimovich o‘zini futbol agenti sifatida sinab ko‘rmoqchi, deya xabar qilmoqda Calciomercato.

Foto: Yandex Photos

Xabar qilinishicha, shvetsiyalik futbolchi o‘z agenti Mino Rayolaning sherigiga aylanishi mumkin. Futbolchi ayni damda ushbu variantni ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Ibragimovich “Milan”ning futbol bo‘limi rahbari Zvonimir Bobanning iste’foga chiqarilganidan norozi bo‘lgani va mavsum yakunida klubni tark etish niyatida ekani xabar qilingandi. Shuningdek, Zlatan joriy mavsum yakunida futbolchilik faoliyatini yakunlashi haqida ham aytilgandi.

Ibragimovichni murabbiylik faoliyati ham qiziqtirmayapti.

38 yoshli futbolchi qishki transfer oynasida “Los-Anjeles Gelaksi” jamoasidan milanliklar safiga kelib qo‘shilgandi. Ushbu mavsum Ibra “Milan”da 10 ta o‘yin o‘tkazib, 4 gol va bitta samarali uzatmaga muallif bo‘ldi.

Avvalroq futbolchi “Manchester Yunayted”, PSJ, “Barselona”, “Inter”, “Yuventus”, “Ayaks” va “Malmyo” kabi jamoalarda to‘p surgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!