2010-yilda katta ekranlarga chiqqan “Rapunsel” multfilmi sujetida COVID-19 pandemiyasiga ishora qiluvchi sahnalar topildi, deb yozadi “KinoPoisk”.

Foto: “KinoPoisk”

Multfilm aka-uka Grimm ertagi asosida yaratilgan. Uning sujetiga ko‘ra, yerga quyosh tomchisi tushadi. Ushbu tomchidan kasalliklarni tuzatish va abadiy yoshlikni taqdim etishi mumkin bo‘lgan gul paydo bo‘ladi. Gul dastlab Gotel ismli keksa ayolning qo‘liga tushadi, keyin esa uni Korona qirolligi askarlari homilador qirolichani davolash uchun olib ketadi.

Qirolicha sog‘ayganidan so‘ng u malika Rapunselni dunyoga keltiradi. Abadiy yosh qolishni istagan Gotel qizaloqni o‘g‘irlab ketadi va baland minoraga qamab qo‘yadi. Rapunsel minorada 18 yil yashaydi, u hech kim bilan muloqot qilmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari multfilmdagi ikki detalga e’tibor qaratdi. Birinchidan, Rapunsel tug‘ilgan qirollikning nomi Korona. Ikkinchidan, hozirgi pandemiya sharoitida odamlarni izolyatsiyalanishga chaqirishmoqda, bu esa Rapunselning hayot tarzini eslatadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri Rapunsel izolyatsiyadan so‘ng baxtga erishgani, bu esa karantinning ahamiyatini ko‘rsatishini yozib qoldirgan.

Shu munosabat bilan “Rapunsel” multfilmi OAV e’tiboriga tushdi. USA Today nashri karantinda qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish lozimligi haqida material e’lon qildi. Maqola muallifi punktlardan birida minorada shamlar tayyorlash, rasm chizish bilan mashg‘ul bo‘lgan Rapunselni eslab o‘tadi.