Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov Toshkent shahri va viloyatida favqulodda holat tartibini joriy etish, karantin shartlariga rioya etilishini lozim darajada nazorat qilish uchun armiyani qisman safarbar etishni taklif qildi.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, u mamlakatda kasallanganlar soni ortishining oldini olish borasida yana bir qator tavsiyalarni taklif etdi:

  • yo‘lovchilarni shahar va tumanlarga temiryo‘l, avia, avtobus va avtomobilda tashishni butun respublika bo‘ylab cheklash;
  • viloyatlarda, ayniqsa, mamlakatning chekka hududlarida mobil punkt va laboratoriyalar yaratish va ularni koronavirusni aniqlovchi portativ va ekspress testlar bilan ta’minlash;
  • COVID-19 testining import va realizatsiya qiluvchi xususiy sektor ustidan davlat nazoratini o‘rnatish;
  • epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, barcha tashkilotlar, muassasalar va jamoat joylari (transport, dam olish joylari, savdo markazlari, bozorlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, ko‘p qavatli binolarning kirish joylari)ni bepul dezinfeksiya qilish;
  • alohida korxona va tashkilotlarni zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish, masalan, shaxsiy himoya vositalari (niqoblar, respirator va boshqalar), antiseptiklar, dorilar va uskunalar (sun’iy nafas oldirish apparatlari);
  • masofaviy xizmatlarni, shu jumladan, viloyatlarda zarur dori-darmonlar va mahsulotlar, oziq-ovqat va boshqa zarur tovarlarga buyurtma berish tizimini kengaytirish.

Avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi koronavirus pandemiyasi sabab karantin hududlarida xavfsizlik va nazorat ta’minlashini ma’lum qilgandi.

23-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan soni 46 nafarni tashkil etmoqda. Hukumat 65 yoshdan oshganlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgan, jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan, 25-martdan boshlab niqobsiz yurganlar jarimaga tortilishi, tibbiy niqob tanqisligini keltirib chiqarganlarga qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Aholining kundalik ehtiyoji inobatga olingan holda dehqon bozorlari, supermarketlar, oziq-ovqat do‘konlari, shifoxonalar, poliklinikalar, dorixonalar, turli taomlarni yetkazib berish xizmatlari faoliyati to‘xtatilmasligi ma’lum qilindi.