Pandemiya darajasiga yetgan koronavirus sabab dunyo bo‘ylab sport musobaqalarining qoldirilishi, bekor qilinishi davom etmoqda. Quyida bu boradagi so‘nggi ma’lumotlar taqdim etiladi.

Foto: Getty Images

Koronavirus va futbol 

Yevro—2020 bo‘lmaydi

UEFA tashkiloti 17-mart, seshanba kuni, mintaqa assotsiatsiyalari bilan videokonferensiya shaklida majlis o‘tkazib, unda futbol bo‘yicha Yevro—2020 musobaqasini 2021-yilga ko‘chirish borasida qaror qabul qildi. Endi Yevro—2020 musobaqasi yo‘q, aksincha, har 4 yilda bir marta o‘tkaziladigan musobaqasi 2021-yilning 11-iyunidan 11-iyuligacha o‘tkaziladi. Va u Yevro—2021 bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Yevro—2020 musobaqasi tarixda ilk bor Yevropaning 12 ta shahrida 12-iyundan 12-iyulga qadar o‘tishi rejalashtirilgandi.

Kopa Amerika—2020 ham qoldirildi

Janubiy Amerika qit’asining eng nufuzli musobaqalaridan biri Kopa Amerikaning 2020-yilgi musobaqasi ham koronavirus sabab qoldirildi. Argentina va Kolumbiya mezbonlik qilishi lozim bo‘lgan musobaqa 2020-yilning 12-iyunidan 12-iyuliga qadar bo‘lib o‘tishi kerak edi. Tarixda 47-bor o‘tkaziladigan musobaqada OFK vakillari bo‘lmish Avstraliya va Qatar terma jamoasi ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi.Biroq ushbu musobaqa ham 2021-yilga qoldirildi. Hozircha uning sanasi rasman e’lon qilingani yo‘q.

Mavzuga doir: Kopa Amerika—2020 musobaqasiga qur’a tashlandi

Koronavirus Belarusga cho‘t emas

Belarus futbol federatsiyasi koronavirus pandemiyasiga qaramay futbol bo‘yicha 2020-yilgi mamlakat chempionati o‘z vaqtida boshlanishini e’lon qildi. Qayd etish joiz, chempionatning yangi mavsumi 19-mart kuni start oladi. Stadionlarga muxlislar kirishiga cheklov qo‘yilmaydi.

Ma’lumot uchun ayni damda Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida bahslar pandemiya sabab to‘xtatib qo‘yilgan. O‘zbekistonda ham Superliga bahslari 3-turdan so‘ng noma’lum muddatga to‘xtatildi. Shuningdek, Rossiya Premyer Ligasi ham 22-turdan so‘ng to‘xtatilgani e’lon qilindi.

Klublar mashg‘ulotlarni bekor qilmoqda, futbol olami vakillari virus bilan kasallanishda davom etmoqda

PSJ, “Manchester Yunayted”, “Monako” klublari mashg‘ulotlarni to‘xtatganini e’lon qildi.

Koronavirus bilan og‘rigan futbol olami vakillari ro‘yxati kengaymoqda: Daniele Rugani, Yevangelos Marinakis, Mikel Arteta, Kallum Hadson-Odoi, Esekyel Garay, Eliakim Mangalya, Xose Luis Gayya. Hadson-Odoining allaqachon tuzalgani aytilmoqda. 17-mart kuni esa “Flamengo” ustozi, 65 yoshli Jorje Jezushda ham virus aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, pandemiya Yaponiya futbol assotsiatsiyasi prezidenti, 62 yoshli Kozo Tashimani ham chetlab o‘tmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Valensiya” klubi vakillarining 35 foizida koronavirus testi natijalari ijobiy ko‘rinish bergan. Ayni damda klubda karantin e’lon qilingan. Germaniyaning “Herta” klubi futbolchisi ham virusni yuqtirib olgan, klub ham ikki haftalik karantin e’lon qildi.

Ha aytgancha, A Seriya klublari chempionat bahslari noma’lum muddatga to‘xtatilgani bois o‘yinchilarga bu vaqtda maosh bermaslik variantini ilgari surayotgani aytilmoqda.

Koronavirus boks va MMA’ga qarshi

Pandemiya sabab UFC promousheni tomonidan 21, 28-mart hamda 4-aprelda o‘tishi kerak bo‘lgan musobaqalar bekor qilindi. Hozircha 19-aprel kuni o‘tishi rejalashtirilgan UFC 249 musobaqasi bekor qilingani yo‘q. Ushbu jang oqshomining asosiy kardida Habib Nurmagomedov hamda Toni Fergyuson jang qiladi. Faqat ushbu jang avval reja qilinganidek, Las-Vegasda o‘tmasligi aniq. Boisi shaharda har qanday ommaviy tadbirlarga cheklov o‘rnatilgan. Hozircha ushbu jangning Dubayda o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Kovalyov—Barrera, Beterbiyev—Meng janglari bekor qilindi

Professional boksning yarim og‘ir vazn toifasida (-79,3 kg) o‘tishi rejalashtirilgan Sergey Kovalyov va Sallivan Barrera o‘rtasidagi jang bekor qilindi. Ushbu jang 25-aprel kuni AQShning Indio shahrida bo‘lishi lozim edi. Ushbu jang oqshomida ringga chiqishi kutilgan yaponiyalik yengilmas bokschi Naoya Inue ham Jon Kazemiroga qarshi jangni boshqa muddatda o‘tkazishi ta’kidlandi.

Yarim og‘ir vazn toifasida WBC, IBF kamarlari sohibi Artur Beterbiyevning 28-mart kuni Fanlung Mengga qarshi o‘tishi rejalashtirilgan jangi ham virus sabab bekor qilindi.

Saul Alvaresning jangi ham bo‘lmaydi

2-may kuni Las-Vegasda professional boksning o‘rta vazn toifasida o‘tishi rejalashtirilgan ushbu vazndagi WBA chempioni Saul Alvares hamda supero‘rta vazndagi WBO chempioni Billi Jo Sanders o‘rtasidagi jang ham bo‘lmasligi e’lon qilindi.