“O‘zgidromet” 26-27-fevral kunlari A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonida kuchli qor yog‘ishi, tuman tushib, ko‘rinuvchanlik 50 m gacha pasayishi, shamol tezligi sekundiga 18-22 metrgacha kuchayishi, yo‘lda qor uyumlari, muzlamalar hosil bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar berdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Avvalroq ob-havoni kuzatish bosh boshqarmasi 26-27-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlari (Astraxan) ustida shakllangan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelishi, buning oqibatida respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ayrim joylarda yog‘inlar kuchli bo‘lishi haqida ma’lum qilgandi.

“Shamolning tezligi kuchayib, soniyasiga 15-20 metrgacha, shiddat bilan esganda 23-28 metrgacha yetadi. Havo harorati 26-fevralda kechasi 7-12 daraja iliq, kunduzi 13-18 daraja iliq bo‘ladi, mamlakat shimolida kechasi va kunduzi 3-8 darajani tashkil qiladi. 27-fevralda respublika bo‘yicha havo haroratining kechasi va kunduzi 3-8 daraja iliqqacha pasayishi kutilmoqda”, – deyilgan “O‘zgidromet” xabarida.