Surxondaryo viloyati ma’muriy markazi Termiz shahrida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning tomi kuchli shamol vaqtida uchib ketdi.

Hodisa oqibatlari aks etgan video 16-fevral, yakshanba kuni, ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Videoga olgan fuqaro “bizning quruvchilar” ishini baholab, ayrim uylarning tomi yoritkich ustunlariga osilib qolganiga e’tibor qaratgan.

Hodisa yuzasidan hozircha rasmiylar biror izoh berganicha yo‘q.

Kuchli shamollar vaqtida turar joy va boshqa inshootlarning tomlari uchib ketishi O‘zbekistonda kamyob hodisa emas. Masalan, 2019-yil 8-iyun kuni Toshkentda yuz bergan kuchli shamol oqibatida ko‘p qavatli uylardan birining tomi uchib tushgandi.

14-may kuni Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida, 14-iyun kuni esa Nukus shahri, Xo‘jayli, Shumanay, Taxiatosh tumanlarida kuchli shamol oqibatida uylarning tomi uchib ketgandi. Avgust oyida esa Samarqandning Oqdaryo tumanidagi “Obod qishloq” dasturi doirasida ta’mirdan chiqarilgan uylar tomi uchgandi.

2018-yil oktabrida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida kuzatilgan kuchli shamol oqibatida tuman hokimligi binosi tomi uchib tushgan, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan edi. Keyinroq, 2019-yil mayida Buxoroda Romitan tumani hokimligi binosi tomi ham uchib tushgani haqida xabar berilgan edi.