Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

11-fevral, seshanba kuni, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi direktori Xans Klyuge boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Sog‘liqni saqlash vazirligida delegatsiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Tadbirda SSV va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi bilan 2020—2021-yillarga mo‘ljallangan 2 yillik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, Xans Klyuge byuro rahbari lavozimiga 2019-yilning sentabr oyida saylangan bo‘lib, 2020-yilning 1-fevralidan o‘z vazifasiga rasman kirishgan. U o‘zining birinchi xorijiy tashrifini O‘zbekistondan boshladi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

24 yildan beri tibbiyot sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Xans Klyuge dastlab Belgiyada oilaviy shifokor sifatida mehnat qilgan. Keyinchalik Somali va Liberiyada “Chegara bilmas shifokorlar” bilan hamkorlikda ishlagan. Doktor Klyuge Rossiyadagi jazoni ijro etish tizimida sil kasalligiga qarshi keng ko‘lamli dasturlarda faol ishtirok etgan. Hatto 20 yil avval Qoraqalpog‘iston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurash yo‘nalishida ham faoliyat yuritgan. Klyuge JSSTning Janubi-sharqiy Osiyo mintaqaviy byurosida sil, OITS va bezgakka qarshi kurash dasturlarini ham nazorat qildi. Oxirgi o‘n yil mobaynida esa JSSTning Yevropa mintaqaviy idorasida ishlab, bu yerda sog‘liqni saqlash tizimidagi katta o‘zgarishlarda faol ishtirok etgan.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Tadbirda so‘zga chiqqan doktor Klyuge JSST O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekani va istiqbolli loyihalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uchrashuv davomida tibbiy ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun Xans Klyugega Toshkent tibbiyot akademiyasi professori faxriy unvoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Tashrif mobaynida mehmonlarning bir qator tibbiyot muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati bilan ham tanishishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi dunyoning turli hududlarida joylashgan oltita mintaqaviy idoralaridan biridir. Mazkur buyurga 53 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo bo‘lib, Atlantikadan Tinch okeanigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab oladi. Sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishlarida ilmiy va texnik mutaxassislar jamoasidan iborat byuroning bosh shtabi Kopengagenda joylashgan. Uning 29 ta mamlakatda 4 ta filiali va idoralari faoliyat yuritib keladi.

Mavzuga oid, o‘tgan yilning may oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSSTning Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2022-yilda o‘rtacha oylik ish haqi qancha bo‘lgani ma’lum qilindi
Mahalliy
O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda 122 ta yangi universitet va institut ochilgan. 2016-yilgacha ularning soni 77 ta edi
Dunyo
Pokistondagi masjidda xudkush terrorchi o‘zini portlatib yubordi, 25 kishi halok bo‘ldi (video)