O‘zbekistonda 2019-yili qurilgan 1064 ta uy-joyning dastlabki badal puli uchun talab etiladigan 60 milliard so‘m bojxona to‘lovlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan qoplangan. Bu haqda Yoshlar ittifoqi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: AOKA

Shuningdek, yana 2116 ta uy-joyning boshlang‘ich mablag‘i respublika budjetining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan olingan.

Yoshlar ittifoqi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Jumaboyevning aytishicha, shu yildan yosh oilalar uchun uy-joy berish mexanizm va shartlari hukumatning so‘nggi qaroriga ko‘ra o‘zgargan.

Foto: AOKA

— Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 760-sonli qaroriga muvofiq, imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishga tavsiya etiladigan nomzodlarni saralab olish mezonlari o‘zgardi.

Avvallari faqat turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda alohida yutuq, natijalarga erishgan, sport, madaniyat va ilm-fan vakillaridan iborat yoshlar imtiyozli uy-joy olish huquqiga ega edi xolos. Endilikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar, shu bilan birga, ish joyida alohida namuna va xizmat ko‘rsatgan yosh oilalar ham rahbarining tavsiyasiga ko‘ra, uy-joy olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, joriy yildan uylar uchun boshlang‘ich badal to‘lovi oila tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda Markaziy bank asosiy stavkasi 16 foizni tashkil etadi va hech qayerda ipoteka foizi 16 foiz emas. Aslida shuning o‘zi imtiyoz bo‘lib xizmat qilish kerak, — dedi Akmal Jumaboyev.

Ma’lumot uchun, 2020-yili mamlakatda yosh oilalar uchun 3878 ta uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 96 ta, Andijonda 151 ta, Buxoroda 160 ta, Jizzaxda 112 ta, Qashqadaryoda 160 ta, Navoiyda 144 ta, Namanganda 64 ta, Samarqandda 160 ta, Surxondaryoda 128 ta, Sirdaryoda 90 ta, Toshkent viloyatida 192 ta, Farg‘onada 176 ta, Xorazmda 96 ta hamda Toshkent shahrida 420 ta uy-joy bitkaziladi.

Qurilish ishlari hali boshlanmagan, hozirda barpo etiladigan joylashuvi aniqlanmoqda.