2019-yil davomida tijorat banklari tomonidan 67 261 nafar jismoniy shaxsga 7,9 trillion so‘m miqdorida (2018-yilga nisbatan 66,6 foizga yoki 3,2 trillion so‘mga ko‘p) ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Mazkur davr mobaynida ajratilgan ipoteka kreditlarining eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (960 milliard so‘m), shuningdek, Toshkent (535 milliard so‘m) va Jizzax viloyatlari (304 milliard so‘m) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (283 milliard so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2019-yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining 96,5 foizi (7,7 trillion so‘m) birlamchi bozorga, 3,5 foizi (268 milliard so‘m) ikkilamchi bozorga yo‘naltirilgan. 2018-yilda mazkur ko‘rsatkich mos ravishda 94,6 foizni (4,5 trillion so‘m) hamda 5,4 foizni (244 milliard so‘m) tashkil etgan.

Shuningdek, ipoteka kreditlar tarkibida imtiyozli asosda (qayta moliyalash stavkasi doirasida) ajratilgan kreditlar ulushi 83,2 foizni (6,6 trillion so‘m), bozor foizlarida ajratilgan kreditlar ulushi esa 16,8 foizni (1,3 trillion so‘m) tashkil qiladi.

2019-yilda jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlarining 4,8 trillion so‘mi (61 foizi) markazlashgan resurslar, 3,1 trillion so‘mi (39 foizi) tijorat banklari resurslari hisobidan ajratilgan.