O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov 2020-yil 30-yanvar kuni Parlamentlararo ittifoq (PAI) ijroiya qo‘mitasi boshqaruv organlari yangi tarkibini shakllantirish doirasida PAI vitse-prezidenti hamda Moliya bo‘yicha kichik qo‘mita a’zosi etib ham tayinlandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019-yilning oktabr oyida tarixda ilk bor O‘zbekistondan nomzod PAI ijroqo‘mi a’zosi etib saylangan edi. O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar e’tirofi sifatida Akmal Saidov nomzodi tashkilotning barcha a’zo mamlakatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
1889-yilda tashkil qilingan PAI hozirgi paytda 179 ta davlatni birlashtiradi va dunyo parlamentlarining asosiy xalqaro organi hisoblanadi.
“Ekspertlar fikriga ko‘ra, jahon miqyosidagi qonun chiqaruvchi organlarning bunday nufuzli forumi faoliyatida qatnashish 24-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qo‘yilgan vazifalarni yanada samarali amalga oshirishga hamda xalqaro parlamentlararo hamkorlik kun tartibini shakllantirishda O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)