Turkiya sharqidagi Van viloyatida ikkita qor ko‘chkisi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: CNN Turk

Ma’lum qilinishicha, 4-fevral, seshanba kuni, sayyohlar guruhi qor ko‘chkisi ostida qolgan, natijada besh kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Qutqaruvchilar va ko‘ngillilar ularni qidirish uchun yo‘lga tushgan, ular 5-fevral, chorshanba kuni, yangi ko‘chki ostida qolgan.

Ikkinchi qor ko‘chkisi 23 kishining umriga zomin bo‘ldi. Ular orasida uch nafar o‘t o‘chiruvchi, sakkiz nafar jandarmeriya ofitseri, uch nafar qo‘riqchi va qidirishda yordam bergan to‘qqiz nafar fuqaro bo‘lgan.

Keyinchalik yana 30 kishi ko‘chki ostidan qutqarib olingan. Rasmiylar qurbonlar soni ko‘payishi mumkinligini ma’lum qildi, chunki qidiruvda qancha ko‘ngilli ishtirok etgani ma’lum emas.