Xitoy AQSh koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha va’da qilingan yordamni tezroq yuborishi va vaziyatga biryoqlama yondashuvdan tiyilishiga umid qilmoqda. Bu haqda Xitoy TIV rasmiy vakili Xua Chunin ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

“Xitoyning kasallik tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha urinishlari Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘ldi. AQShni xolislik va xotirjamlikka, vaziyatga biryoqlama yondashmaslikka, Xitoy bilan yangi koronavirusga qarshi kurash borasida hamkorlikka chaqiramiz”, — dedi Xua Chunin.

TIV rasmiy vakiliga ko‘ra, AQSh bir necha bor Xitoyga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan va Pekin bu yordam imkon qadar tezroq yuborilishini kutmoqda.

Ma’lumot uchun, oldinroq AQSh prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Larri Kadlou Xitoyga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazidan (CDC) eng yaxshi ekspertlar yuborilishini bildirgandi.