Yanvar oyida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Taqqoslash uchun, 2019-yil xuddi shu davrda inflyatsiya 1,5 foiz, 2018-yil yanvarida 2,7 foiz, 2017-yil ilk oyida esa 1,5% bo‘lgan.
“Inflyatsiyani jilovladik deyishga hali erta. Biz faqatgina inflyatsiya bilan kurashish mumkinligini ko‘ryapmiz xolos.
Inflyatsiyaga ta’sir etuvchi bir nechta nomonetar omillar hali ham neytralizatsiya qilinmagan. Ishlashimiz kerak, asosiysi — inflyatsiyani o‘tgan yilgiga nisbatan pasaytirish ehtimoli anchagina yuqori”, — deb yozdi Jamshid Qo‘chqorov.
Avvalroq Jamshid Qo‘chqorov inflyatsiyaning O‘zbekistondagi birinchi raqamli muammo ekanligini aytgan edi.