Toshkentning Yashnobod tumanida xorijiy korxona rahbarining nomidan soxta hujjatlar tayyorlab, uning 2,5 milliard so‘mini talon-taroj qilgan boshqa korxona mansabdor shaxslariga jinoiy ish ochildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, “N-K” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi mansabdor shaxslari va boshqalar, mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida o‘zaro oldindan til biriktirib, “S.K.” xorijiy korxonasi rahbarining nomidan “N-K” MChJ ta’sischilari qatoridan chiqishi haqida arizasini soxtalashtirgan.

Shuningdek, qo‘shma korxonaning navbatdan tashqari ta’sischilar yig‘ilishi bayonnomasiga soxta ma’lumotlarni kiritib, “S.K.” korxonasining “N-K” qo‘shma korxonasidagi 2 milliard 460 million so‘mlik ulushini o‘zlashtirgan.

Holat yuzasidan “N-K” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.