Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)da 29-yanvar, chorshanba kuni administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov rahbarligida o‘tgan yig‘ilishdan keyin agentlik direktori Komil Allamjonov hamda direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning o‘z lavozimlarini tark etgani ma’lum bo‘lgan.

Foto: AOKA

Komil Allamjonov Telegram kanali orqali AOKAda ishlagan davri haqida iliq taassurotlarga ega ekani va tanlangan yangi jamoatchilik yo‘li bundan-da voqealarga boy, shu bilan birga, sermazmun bo‘lishiga umid qilayotganini bildirgandi. Saida Mirziyoyeva ham o‘z Telegram kanalida AOKAdagi faoliyati haqida o‘zbek, rus va ingliz tillarida post qoldirdi.

“Agentlikdagi faoliyatim mening hayotimdagi eng baxtli davrlardan biri bo‘ldi. Oldimizga qo‘yilgan har bir masala va vazifaga astoydil harakat qilgan holda yondashdik. Kelajakda ham qaysi yo‘nalishda ishlashimdan qat’i nazar, faqat davlat va yurt farovonligi yo‘lida qo‘limdan kelganicha xizmat qilishga tayyorman”, — deb yozgan Saida Mirziyoyeva.

AOKAda o‘tgan majlisda agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident administratsiyasiga kiritgani va administratsiya tomonidan ushbu murojaatlari ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e’lon qilingan. AOKA rahbari birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Dilshod Saidjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.