Migratsiya masalalari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo mamlakatlarida ham yil sayin tobora o‘sib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, xorijda yurgan o‘zbekistonliklar soni 2 million nafarga yaqin bo‘lib, ularning 80 foizi Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilmoqda. 15 foizi Qozog‘iston, 5 foizi Janubiy Koreya, Turkiya, BAA, AQSh va boshqa davlatlarda ishlamoqda. Bu haqda 23-yanvar, payshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: “Daryo”

“Hozirgi paytda Rossiyada qancha o‘zbek migrantlari mavjudligi bo‘yicha aniq raqamlar mavjud emas. Chunki qonuniy ishlayotgan yurtdoshlarimizga nisbatan noqonuniy mehnat qilayotganlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Patent narxining qimmatligi, rus tili va boshqa masalalarda imtihon topshirish muammosi borligi, til bilish va huquqiy madaniyat borasida yetarli bilim yo‘qligi tufayli aksariyat muhojirlar qonuniy ishlashni xohlamasligi ma’lum bo‘ldi.

Rossiya statistik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakatdagi yurtdoshlarimizning 33,5 foizi qurilish, 14,7 foizi savdo va avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, 14 foizi qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlamoqda.

O‘tgan yili Rossiyaning Sank-Peterburg, Qozon, Yekanterinburg, Vladivostok, Rostov-Don shaharlarida O‘zbekistonning bosh konsulxonalari to‘laqonli o‘z ishini boshladi. Shuningdek, Qozog‘istonning Olmaota va Oqtou shaharlarida ham o‘z konsulxonalarimiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda Xitoyning Guanchjou shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish arafasida turibdi. Ayni paytda barcha konsullik xizmatlarini interaktiv platformaga o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti”, — degan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti birinchi kotibi Rustam G‘oziyev.

Tadbirda ta’kidlanishicha, deportatsiya qilingan migrantlar ko‘rsatkichi o‘zgaruvchan bo‘lib, ularning soni o‘sishi yoki deport yechilish holatlari deyarli har kuni kuzatiladi. Shu bois hozirda deport qilingan o‘zbek fuqarolari taxminan 300 ming nafarni tashkil etmoqda.

Foto: “Daryo”

“Biror davlatga ma’lum vaqtga kirish taqiqi qo‘yilishi “deport” deyiladi. Fuqaro migratsion qonunchilikni buzganida unga uch kun mobaynida davlatdan ixtiyoriy chiqib ketish imkoni beriladi. Agar migrant shu vaqt oralig‘ida o‘sha mamlakatni tark etmasa, keyingi safar sud qaroriga asosan, majburiy tarzda davlatdan chiqarib yuboriladi va u yerga qaytib kirishiga muayyan muddatga taqiq qo‘yiladi”, — degan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunov.