AQSh va Xitoy savdo nizolarini hal qilishning birinchi bosqichi to‘g‘risida bitim imzoladi, deb xabar beradi Reuters.

Foto: Reuters

Oq uyda bo‘lib o‘tgan hujjat imzolash marosimida AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Xe ishtirok etdi. Bitimda AQShdan Xitoyga amalga oshiriladigan importni ikki yil davomida 200 milliard dollarga oshirish, shuningdek, Xitoy tovarlari uchun Amerikaning ayrim bojlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatni imzolash vaqtida Tramp “yaqin kelajakda” Xitoyga tashrif buyurish niyatida ekanligini ham bildirib o‘tgan.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo mojarolari so‘nggi ikki yildan buyon davom etmoqda. Bunga Tramp Xitoy tovarlariga boj joriy etgani sabab bo‘lgandi — Pekin ham shunday yo‘l tutib, Amerika tovarlariga boj joriy etgan.

Vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralar 2018-yilda boshlangan, biroq 2019-yilning yozida Trampning tashabbusi bilan to‘xtatib qoyilgan edi. Dekabr oyida esa tomonlar yana kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi.