14-yanvar, seshanba kuni Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston respublika valyuta birjasida muomala davri 6 oy bo‘lgan 1 million so‘m nominal qiymatga ega, umumiy hajmi 250 milliard so‘mlik 250 ming dona obligatsiyani joylashtirish bo‘yicha auksion savdolari o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Shutterstock

Auksionda 13 ta tijorat banki ishtirok etgan bo‘lib, ular tomonidan 613,3 milliard so‘m hajmidagi 603 900 dona obligatsiyani sotib olish uchun raqobatli buyurtmanomalar taklif etildi.

Auksion davomida 250 000 dona qimmatli qog‘oz 257,0 milliard so‘m qiymatida joylashtirildi (chiqarilish umumiy hajmining 100 foizi).

Auksionda joylashtirilgan obligatsiyalarning so‘ndiriladigan umumiy hajmi 250,0 milliard so‘mni tashkil etadi.

Auksion natijalariga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlarning o‘rtacha tortilgan daromadliligi yillik 10,01 foizni, minimal daromadlilik darajasi 7,56 foizni va chegirish narx bo‘yicha maksimal daromadlilik darajasi 12,02 foizni tashkil etdi.