Turkiyada Disney multfilmlaridagi haqiqiy qasrlar bunyod qilingan shahar mavjud. Ushbu shahardagi saroylarni internet orqali tomosha qilganlar bu haqiqat ekaniga ishonmaydi. Biroq bu fotoshop dasturida qayta ishlangan suratlar emas, sehr-jodu ham emas — shahar haqiqatan ham mavjud va Istanbuldan 200 kilometr uzoqlikda, tog‘lar orasida joylashgan.
AdMe.ru nashri “Burj al-Bobos” deb nomlanuvchi ertakmonand shahar haqida qiziqarli ma’lumotlar to‘plagan. Internetdagi hayratlanarli suratlar real hayotdagi ko‘rinishni to‘liq ifodasi emas ekan.
Sehrli saroylar bu yerdagi o‘ziga to‘q yoki boy alohida qatlam uchun qurilmagan
2014-yilda qo‘shni mamlakatlardan keluvchi boy turistlar tashrifi uchun shahar qurilishi boshlandi. 732 ta Disney saroyini hashamatli villalarga aylantirish rejalashtirildi. Qurilishga taxminan 200 million dollar ajratildi. Rejalar olamshumul edi: uylardan tashqari masjid, savdo markazi, suv havzalari va turk hammomlari qurilishi rejalashtirilgandi.
Saroylar uchun nihoyatda katta maydon ajratilganiga qaramay arxitektor shaharda Yevropa kottejlar shaharchasini bunyod qilishni reja qilgan. Ertaknamo villalar zich joylashgan: ularning derazalari bir-biriga qaragan. Lekin uylarning ko‘rinishi deyarli bir xil.
Internetda loyihaga turlicha baho berilgan
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar ushbu rejani iliq qarshilagani yo‘q. Suratlar ostidagi sharhlarda “Burj al-Bobos” loyihasi “ahmoqlik”, “xunuk”, “ayanchli” va hatto “qabriston” deb “e’tirof” qilingan. Chittaslou xalqaro harakati ishtirokchilariga ham saroylar kompleksi manzur kelmagan.
Disney shaharchasining qurilishi yakunlanmagan
2018-yilda qurilish bilan shug‘ullangan kompaniya kasodga uchradi va ishlar to‘xtab, shahar huvillab qoldi. U vaqtda qasrlarning 587 tasi qurib bitkazilgan, biroq tashqi ko‘rinishi zo‘r bo‘lgani bilan devorlar qariyb yalang‘och edi. Loyiha ichki bezak ishlari boshlanishidan avval yopildi. Sehrli villalarning ichki xona va yo‘laklari qanday bo‘lishi kutilganini faqat tasavvurda taxmin qilish mumkin.
Ertakning davomi bo‘lishi mumkin
Quruvchilar loyihani qayta boshlash va yakunlash mumkinligini taxmin qilmoqda. Qarzlardan qutilish uchun kompaniya 100 ta villani sotishi lozim. Ammo amalda buni uddalash mushkul vazifa: saroy olishni istagan odamlarning aksariyati tikkan pullarini qaytarishga urinmoqda. “Burj al-Bobos” qachon bitib, foydalanishga topshirilishi noma’lumligicha qolmoqda.
Izoh (0)