Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tahlillariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda xorijiy oliy ta’lim diplomlarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar 5,3 marta o‘sgan. Xususan, ro‘yxatga olingan arizalar 2017-yilda 2409 ta, 2018-yilda 4964 tani tashkil etgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Ulug‘bek Toshkenboyev (chapda)

Ulug‘bek Toshkenboyev (chapda)
Foto: AOKA

2019-yilda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘yicha jami 12 867 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3327 tasi yoki 26 foizi nostrifikatsiyalangan. 997 ta hujjat to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olingan.

“O‘tgan yilgi jami arizalarning 72,4 foizi qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning ta’lim muassasalari hujjatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aytish kerakki, matbuotda ham keng muhokama qilinyapti: qo‘shni davlatlar chegaradan o‘tgandan keyin juda ko‘p oliy ta’lim muassasalarini ochib yuboryapti. U yerlarda albatta, o‘qish arzon — tahsil olishni nomiga 300, 400, 500 dollar qilib qo‘yishadi. Shu bois bizning yoshlarimiz u yerga o‘tib o‘qishmoqda. Bilasizlar, har bir davlatda nufuzli va milliy reytingi past oliy ta’lim dargohlari mavjud. Agar bizning yoshlar ta’lim sifati past bilim maskanlarida o‘qishsa, o‘zimizga qaytib kelishganidan so‘ng nostrifikatsiyadan ham o‘ta olmaydi. Sababi — bilim darajasi yaxshi emas, talabga javob bermaydi.

Hozirgi kunda yurtimizda OTMlar sonini ko‘paytirib, qamrovini oshirishimiz kerak. Konsepsiyada ham qamrovni 50 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin yana bir muhim masala bor. Ertaga shuncha yoshlarimiz oliy ma’lumotli bo‘lsa, ularga biz ish topib bera olamizmi yoki yo‘qmi? Ertaga shuncha oliy ma’lumotli kadrlar respublikaga kerakmi yo yo‘q? Hozirgi kunda eng asosiy masalamiz ta’lim sifati bo‘lishi kerak. Ertaga qo‘liga oliy ma’lumot diplomini olgan kadr mehnat bozoriga munosib bilimli mutaxassis bo‘lsagina, biz oliy ta’limda sifat bor degan xulosaga kelamiz. Hozirda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilyapti. Ammo yanada qattiq ishlashimiz zarur”, — dedi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev.

Toshkenboyevning ta’kidlashicha, 2019-yilda Rossiya, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida diplomlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Ushbu masalani hukumatlararo darajada hal qildik va bitimlar imzoladik. Endi O‘zbekiston yoshlari bu davlatlarda o‘qisa yoki u mamlakatlar yoshlari bizdagi oliygohlarda tahsil olsa, diplomlar o‘zaro tan olinadi hamda ular diplomi bilan bemalol ish topa olishlari mumkin. Shuningdek, ayni paytda Janubiy Koreya, Avstraliya, Amerika kabi davlatlar bilan ham xuddi shu tartibda kelishuvlarga erishish borasida ishlar amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Toshkenboyev.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, endilikda Rossiya yoki Belarusda O‘zbekiston diplomiga ega yoshlar ta’lim darajasiga qarab ishga joylashishlari mumkin bo‘ladi. Masalan, ma’lumoti bor odam Rossiyada farroshlik qilishga majbur bo‘lmaydi.

“Ta’limda bakalavr bosqichi 6 daraja, magistratura esa 7 daraja hisoblanadi, bu darajalarga ega insonlar endi o‘zlariga munosib joyda ishlashi mumkin. Bu — juda katta yutug‘imiz”, — dedi Ulug‘bek Toshkenboyev.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?
Dunyo
Twitter ofisida xodimlar uchun karavotlar paydo bo‘ldi, Ilon Mask avvalroq me’yoridan ortiqcha ish bo‘lishi haqida ogohlantirgandi
Mahalliy
Xorazmda ikki kishi is gazidan vafot etdi