The New York Times gazetasining surishtiruvchi jurnalisti Kristian Tribert Eron raketasining uchirilishi ko‘rsatilgan videoni e’lon qildi. Video Tehron yaqinidagi Parand aholi punktidan shimoli-sharqiy nuqtada o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali olingan. Tribertning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruvchilar Ukraina “Boing”ini urib tushirgan raketa aynan shu yerdan uchirilgan degan fikrda.

Tribertning qayd etishicha, videoyozuvda ko‘rsatilgan sana voqea yuz bergan muddatga mos tushadi (Eron taqvimi bo‘yicha 18.10.1398 sanasi milodiy taqvim bo‘yicha 2020-yil 8-yanvarga to‘g‘ri keladi). Ayni vaqtda soatlar samolyot qulagan vaqtga muvofiq kelmaydi; jurnalistning yozishicha, bu kamera sozlamalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bellingcat asoschisi Eliot Xigginsning “Ukrainskaya pravda” nashriga ma’lum qilishicha, video olingan joy, “tahlillarga ko‘ra, samolyot urib tushirilgan joyga yaqin”. Conflict Intelligence Team’ning yozishicha, raketa ehtimoliy maxfiy bazadan uchirilgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Ukraina samolyotiga Eron raketasining kelib urilgani aks etgan videoyozuv ham Tehron yaqinidagi Parand shaharchasida olingani haqida xabar berilgan edi.