Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari budjet daromadi prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha to‘langan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha qat’iy ogohlantiriladi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-dekabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ‘2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida’gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan o‘rnatiladigan tartib bo‘yicha ortiqcha undirilgan soliq summalarini Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan stavkada foizlar to‘lagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi:
- respublika budjetiga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha — respublika budjeti hisobidan;
- Qoraqalpog‘iston respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlariga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha — tegishli mahalliy budjetlar hisobidan;
- budjet tizimi budjetlari o‘rtasida taqsimlangan soliqlar bo‘yicha — tegishli budjetlar hisobidan ularga ajratmalar me’yoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
“Ortiqcha harajatlarning oldini olishingiz uchun to‘rtinchi chorak foyda solig‘i joriy to‘lov ma’lumotnomasini aniqlashtirgan holda qayta ko‘rib chiqishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayrim soliq organlari tomonidan budjetga muddati kelmagan soliq to‘lovlari asossiz talab qilinayotgan bo‘lsa, bunday talabni bajarmasligingiz va bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining Ishonch telefoniga (71–244-98-98) zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyilgan DSQ axborotida.