Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov 22-dekabrda o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlar va ularga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirdi.
AKT vaziri, jumladan, axborot texnologiyalarini saylov jarayonlarida qo‘llanishi saylovning ochiqligi va shaffof o‘tishini ta’minlayotgani, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatining asosiy vazifalaridan biri bu “bir saylovchi — bir ovoz” tamoyilini to‘liq, bexato amalga oshirish ekanligi, shuningdek, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga 20 milliondan ortiq fuqaro kiritilganini ta’kidladi.
Vazir saylov jarayonlari ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun sinov tariqasida 60 ta saylov uchastkalariga 120 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgani va mazkur qurilmalar saylovlar jarayonini to‘g‘ridan to‘g‘ri internet jahon tarmog‘iga uzatilishini ma’lum qildi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov esa 22-dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ozodlikdan mahrum etilgan qariyb ikki ming nafar shaxs qonuniy ishtirok etishi mumkinligi, xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi belgilangani, “Adliya saylovga chorlaydi” va “Adliya chorlovi” aksiyalari o‘tkazilgani, shu bilan birga, saylovlarning har tomonlama yangicha ruhda, shaffof va haqqoniy o‘tishi, bunda inson huquq va erkinliklari hamda saylov qonunchiligiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bosh vazifa ekanligini bildirdi. Davletov fuqarolarni muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga chorladi.
Oliy sud raisi Kozimjon Komilov Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinishi, saylovlar yakunlangach o‘n kun ichida ushbu qaror ustidan Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligi, shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolarning saylov huquqi to‘liq kafolatlangani haqida tushuntirdi.
Izoh (0)