9-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi majlisda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator muhim masalalarni ko‘rib chiqdi. Bu haqda parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Majlisda deputatlar e’tiboriga ikkinchi o‘qishda havola etilib, muhokama markazida bo‘lgan dolzarb masalalardan biri — “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Yangi soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslanildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi joriy yilning 26-noyabrida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingandi.

Shu bilan birga, loyiha yuzasidan bir qator tashkilot va muassasalarda ham mutaxassislar, ekspertlar ishtirokida muhokama hamda tahlillar o‘tkazildi. Maqsad — kodeks loyihasidagi har bir normaning amaliyotda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashini ta’minlash, uning xalqchilligini oshirishdan iboratdir.

Loyihada soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 dan 3 turgacha qisqarmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra ortiqcha undirilgan summalarga har bir o‘tgan kuni uchun soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchiga penya to‘lanadi. Xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) “Tax free” tamoyili asosida qaytariladi. Mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirishda to‘lanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizga tushirilmoqda.

Loyihada soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qat’i nazar o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi bo‘yicha yangi me’yor kiritilmoqda.

Soliq huquqbuzarliklariga yo‘q qo‘yayotgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Ya’ni soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan bir qator muhim fikr-mulohaza hamda takliflar ham bildirildi. Qizg‘in kechgan savol-javob va tortishuvlardan so‘ng loyiha ovozga qo‘yildi va “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.