Madridning “Real” klubi “Arsenal” hujumchisi Pyer-Emerik Obameyangni o‘z safiga qo‘shib olish istagida, deya xabar qilmoqda Mirror.

Foto: Yandex Photos

Ta’kidlanishicha, madridliklar yanvar oyida gabonlik futbolchi borasida taklif bilan chiqmoqchi. Shu bilan bir qatorda “Real” muzokaralarga o‘tgan yozda “Ayntraxt”dan 60 million yevroga xarid qilgan hujumchisi Luka Yovichni qo‘shishga tayyor.

Obameyangning “Arsenal” bilan amaldagi shartnomasi 2021-yilga qadar amal qiladi. Avvalroq 30 yoshli futbolchi londonliklar bilan kelishuvni uzaytirishni istamayotgani xabar qilingandi. Uning narxi ayni damda 70 million yevroni tashkil qilmoqda.

Luka Yovich Madrid klubiga kelganidan buyon 11 o‘yinda qatnashdi va bitta gol urdi. Obameyang esa “Arsenal” safida ushbu mavsum 12 ta gol urishga erishdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!