Bu hafta kuchli debatlari, sovuq havosi, elektr va gazsiz aholining namoyishlari bilan tarixga yozildi. Demak, bir boshdan boshladik.
Mustaqillik boshlarida uzoq qishloqlardan boshlangan elektrsizlik o‘z yo‘lida dastlab tuman markazlarini, so‘ngra viloyat markazlari va shaharlarni bosib o‘tib, nihoyat Toshkent shahriga ham kirib keldi. 27-noyabr kuni Toshkent metrosining bir nechta stansiyasida elektr o‘chib qoldi. Eskalatorlar to‘xtadi. Shu kuni TVda jonli uzatilayotgan partiyalarning saylovoldi debati elektr uzilishi sababli to‘xtab qoldi.
Viloyatlarda esa ahvol bundan-da qiyinlashganidan odamlar namoyishga chiqdi. Nukusda odamlar hududni tabiiy gaz bilan ta’minlab berishni talab qilib, mashina ballonini yoqib norozilik namoyishi o‘tkazdi. Xuddi shunday holat Andijonda ham yuz berdi. Hamma viloyatda, jumladan, poytaxtda ham AYoQShlar oldida kilometrlab cho‘zilgan turnaqator navbatlar shakllandi. Sirdaryodagi avtoshoxobchada gaz berilmayotganidan norozi haydovchilar yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Yuqorida sanalgan barcha joylarga hokimlik vakillari va mutasaddilar yetib borib, chora ko‘rishga va’da berdi.
28-noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, sohadagi ahvolni sharmandali deb atadi. Shundan so‘ng Turkmanistondan elektr olib aholiga beriladigan bo‘ldi. Qishda elektr uzilishlari keskin kamayishi aytildi.
* * *
Futbolga oid xabarlarimiz ham bor. Aniqrog‘i futbol ichidagi emas, futbol atrofidagi xabarlar. Hafta boshida “Paxtakor” stadioni buzilishi aytildi. U qachon qaytadan qurilishi aniq emas, hozir loyihalar tanlanmoqda.
16 yillik faoliyatida besh marta Osiyoning eng yaxshi hakami nomiga loyiq ko‘rilgan hamyurtimiz Ravshan Ermatov hakamlik ishiga yakun yasadi. Bu haqda OFK qarorgohida tashkil etilgan maxsus marosimda ma’lum qilindi. Ermatov mazkur marosimda OFK tomonidan Osiyo futboliga qo‘shgan hissasi uchun maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Ermatov uchta jahon chempionati final bosqichida qatnashgan va unda rekord darajada (11 o‘yin) ko‘p uchrashuvda ishlagan.
Biz faqat Xitoydan import qilmaymiz, balki Xitoyga eksport ham qilamiz. O‘zTJ sobiq murabbiysi Samvel Babayan Xitoy klubi bilan shartnoma imzoladi. Babayan 1-dekabr kuni Xitoyga uchadi va “Chanchung Yatay” klubida ishlay boshlaydi.
* * *
29-noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovlar ishtirok etdi. Uchrashuv chetdan aralashuvlar orqali emas, ishtirokchilar tashabbuslari bilan o‘tkazilayotgani ahamiyatlidir.
Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zFA faxriy akademigi unvoni berildi. MO yetakchilari Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt o‘tqazdi va tilla suvi yuritilgan gulchelaklarda sug‘ordi. Shuningdek, ular marhum prezident Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi. Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo kunini ta’sis etishni taklif qildi. Besh qardosh davlat rahbarlari uchrashuvida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, ilm-fanni rivojlantirish, madaniy-gumanitar sohalarda faol munosabat o‘rnatish, strategik hamkorlik masalalarida fikr almashildi.
* * *
O‘zbekistondan to‘qqiz ming kilometr olisda ikki o‘zbek oilasi halokatga uchradi. AQShning Texas shtatida istiqomat qiluvchi Otabek Obloqulov Ontarioning Kingston shahri atrofida Piper PA-32 samolyotini boshqarib ketayotganida fojia kelib chiqqan. Samolyotda Obloqulovning turmush o‘rtog‘i va 3, 11 va 15 yoshli farzandlari bo‘lgan. Bortda Kanadaning Toronto shahrida doimiy istiqomat qiluvchi, asli O‘zbekistondan bo‘lgan Bobomurod Nabiyev va uning turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan. Samolyot quyuq o‘rmonga qulab, bortdagi barchani hayotdan olib ketgan. Halokat sababi yomon ob-havo bo‘lishi mumkin.
* * *
Qizg‘in muhokamlardan chetda qolgan bo‘lsa-da, bir qiziq xabarni dayjestimizga qo‘shdik. Senat raisi Tanzila Norboyeva forumda 2020-yilda O‘zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkinligini aytdi. Xo‘sh, ular nima ish qiladi? Yoshlar parlamenti a’zolari yoshlarga daxldor qonunlar tayyorlanishi, takomillashtirilishida senatorlar bilan birga ishtirok etadi.
Aytish lozimki, yoshlar parlamentarizmi dunyo uchun yangilik emas. Biroq davlat hokimiyati organlari juda shishib va murakkablashib ketgan tizimda yana bir qo‘shimcha bo‘g‘in tashkil etilishining natijasi haqida bashorat qilish qiyin.
* * *
Nufuzli BBC teleradiokorporatsiyasining o‘zbek xizmati o‘zining 25 yilligini nishonladi. BBC aniq va xolis mezonlar asosida ishlashi bilan xorij OAV orasida ajralib turadi.
BBC o‘zbek xizmati O‘zbekistondagi jarayonlarga tanqidiy yondashsa-da, ijobiy o‘zgarishlarni ham baholi qudrat yoritib keladi. BBC O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt ichida jahonning ayrim nufuzli nashrlari tomonidan, hattoki Xitoyning islohotchi lideri Den Syaopinga qiyoslanganini alohida qayd etgan.
BBC uzoq yillar axborotdan to‘silgan mamlakat holatini chetdan turib yorituvchi darcha vazifasini o‘tagan va o‘zbekistonliklarga haqqoniy axborotni yetkazishda harakat qilgan. Shu munosabat bilan AOKA direktori Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva BBC O‘zbek xizmatini 25 yilligi bilan Toshkentdan tabrikladi. 25 yillik tarixda Toshkentdan bunday e’tirof kuzatilmagan edi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi voqif bo‘ling.
Izoh (0)