Kirill alifbosidagi ё harfi “tug‘ilgan” kun har yil 29-noyabrda nishonlanadi. Ё kirill alifbosining eng oxirgi ishlab chiqilgan harflaridan biri hisoblanadi. Hatto bugun ham Rossiyada uning ishlatilishiga qarshi chiquvchilar bor. Bloger va tilshunos Eldar Asanov bu harf haqida qiziqarli faktlarni keltiradi.
1) Ё harfi bitta emas, ikkita tovushni ifodalaydi, ya’ni u tovush birikmasidir. Uning fonetik transkripsiyasi – yo. Bunday tovush birikmalari ilmiy tilda yotalashgan unlilar deyiladi;
2) Yotalashgan unlilarni ifodalaydigan harflar faqat kirill alifbosida bor (е, ё, ю, я). Lekin bular ichidan ё juda kech paydo bo‘lgan, qadimda ishlatilmagan;
3) Buning sababi – slavyan tillarida qadimda yumshoq undoshlardan keyin o tovushi kelmagan. XII asrda sharqiy slavyan tillarida (bugungi rus, ukrain va belarus tillari) shunday pozitsiyadagi e o tovushiga o‘ta boshlagan. Shunday qilib, so‘zlardagi ye tovushlari yo deb o‘qila boshlangan;
4) Bunday fonetik ko‘chish faqat urg‘u tushadigan bo‘g‘inlarda ro‘y bergan. Shu bois bugun ham rus tilida ё tovushi urg‘u tushgan е o‘rnida paydo bo‘ladi: ель – ёлка, звезда – звёзды;
5) Ё harfi paydo bo‘lguniga qadar bu tovush birikmasini ifodalash uchun ио, iо va ьо harf birikmalaridan foydalanilgan;
6) Rossiyaning mashhur davlat arbobi, Yekaterina II ning dugonasi va islohotchi, knyaginya Yekaterina Dashkova 1783-yili alifboni isloh qilishga qaror qildi. O‘sha yilning 24-yanvarida Yekaterina II uni Sankt-Peterburg fanlar akademiyasi direktori etib tayinladi. 30-sentabrda u rus tilini o‘rganuvchi Rossiya akademiyasini tashkil etdi;
7) 1783-yil 29-noyabrda Rossiya akademiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yekaterina Dashkova akademiklarga murojaat etib, yolka so‘zi qanday yozilishini so‘radi.
“Hozir yo tovushi ikkita harf bilan yoziladi, lekin uni bitta harf bilan ham yozsa bo‘ladi. Masalan, ё bilan”, – dedi u;
8) Knyaginya Dashkova nega aynan ё harfini taklif etgani bugungacha noma’lum. Ba’zi zamondoshlarining yozishicha, Dashkova bu harfni Moët & Chandon vinosining nomidan olgan. Nima bo‘lganda ham, knyaginyaning taklifi qabul qilindi va shu kundan e’tiboran ba’zi ziyolilar bu harfni ishlata boshladi;
9) Mashhur rus ma’rifatparvari, tarixchi Nikolay Karamzinning sa’y-harakatlari bilan ё harfi keng joriy etila boshlandi;
10) Yo tovushi so‘zlashuv tilida paydo bo‘lganiga va Yekaterina Dashkova davridan yozuvga ham ko‘chganiga qaramay, ziyoli ruslarning aksariyati uzoq vaqt matnlarda yo tovushini ishlatmagan – bu adabiy tilni buzish hisoblangan. Masalan, fanlar akademiyasini 1813–1841-yillarda boshqargan Aleksandr Shishkov ё harfining joriy etilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi edi.
“Rostdan hamma shunday gapiradi, ya’ni e harfini yo deb talaffuz qiladi, lekin bu talaffuz xalqona bo‘lib, savodxonlikka va til sofligiga mos kelmaydi”, – degan edi u;
11) Bosma matnda ё harfini yozish katta qiyinchiliklar keltirib chiqardi. Shu bois ko‘p noshirlar kitoblarda uni ishlatmay keldi;
12) 1917–1918-yilgi imlo islohotida ё harfini ishlatish majburiy emas deb belgilab qo‘yildi. Shuning uchun bugungi kunga qadar rus tilidagi ko‘pchilik kitoblarda, gazetalarda, internetda bu harf ishlatilmaydi. Bolalar adabiyoti bundan mustasno – ular to‘g‘ri talaffuzni o‘rganishi uchun ё harfini ishlatish kerak bo‘ladi;
13) Ruslarning o‘zi ham qayerda ё, qayerda е ishlatilishi masalasida juda ko‘p adashadi, shuning uchun Rossiya telekanallarida eshitilgan talaffuzni doim ham to‘g‘ri deb o‘ylamang. Yozuvdagi chalkashlik, ё harfining bir majburiy bo‘lishi, bir erkinlashishi, bir turdagi adabiyotlarda ishlatilishi, bir turdagilarida ishlatilmasligi natijasida sohasi til bo‘lmagan ko‘pgina rus ziyolilari bugun ham ё va e harflarini chalkashtiradi;
14) Masalan, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, Alexinlar dvoryanlik oilasi vakili Aleksandr Alexinning familiyasi deyarli barcha joyda Alyoxin deb ko‘rsatilgan. Bu Alexinni qattiq g‘azablantirgan. Dejnyov, Chebishyov kabi familiyalar esa, aksincha, Dejnev, Chebishev deb o‘qilgan;
15) Chalkashlikning eng mashhur namunalari SSSR rahbarlarining familiyasi bilan bog‘liq. Xrushchyov va Gorbachyovning familiyalari rus tilidagi adabiyotlarda Хрущев va Горбачев deb yozilgani uchun amerikaliklar bugungacha bu familiyalarni Khrushchev va Gorbachev deb yozadi;
16) Yana bir misol – sovet davrida Moskva metropoliteni bekatlaridan biri “Planyornaya” deb nomlangan, lekin yozuvda ё doim tushirib qoldirilgan. Buning natijasida xalq bekatni “Planernaya” deb atay boshlagan va hozir metroda ham bekat nomi shunday e’lon qilinadi;
17) Bugun rus ziyolilari orasida bo‘linish bor: kimlardir ё harfidan voz kechishni talab qiladi, kimlardir esa uni kerakli harf deb hisoblaydi;
18) Aslida ё harfi o‘z mohiyatiga ko‘ra rus alifbosining fonematik prinsipini buzadi. Bu prinsipga ko‘ra, bitta fonema har doim bitta harf bilan ifodalanishi kerak. Ye tovushi yo tovushiga ko‘chgan o‘zaklarda (ель – ёлка) bu prinsip buziladi;
19) Rossiya yofikatorlar ittifoqi degan tashkilot bor. Tashkilot oldiga qo‘ygan maqsad rus tilini to‘liq yolashtirish, ya’ni ё harfi ishlatilishini majburiylashtirishdir;
20) Yofikatorlar harakati ancha keng quloch yoygan. Ular harfga yodgorliklar o‘rnatib keladi. Shuningdek, Rossiyaning bir nechta shahrida yo harfi ibodatxonalari bor.
Izoh (0)