Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi 54 yoshli ayol Bibixol Eshmirzayeva fuqarolik pasportida erkak sifatida ko‘rsatilgan. Shu boisdan ham onaxon nafaqaga chiqolmay sarson bo‘lmoqda, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, qamashilik Bibixol Eshmirzayevaga 2015-yil 2-avgust kuni biometrik pasport berilgan. Mutaxassislarning e’tiborsizligi bois pasportda fuqaroning jinsi ko‘rsatiladigan joyda “erkak” deb yozilgan. Bu haqda bir kundan so‘ng xabar topgan pasport egalari e’tiroz bildirgan va xatolikni to‘g‘irlab berish so‘ralgan.

“O‘sha payt qayta rasmga tushib, yana pasport uchun to‘lov qilish aytilgan. Tabiiyki, uydagilar bunga rozi bo‘lmagan. Xato sizlarniki, endi muammoni yechish ham o‘zlariga bog‘liq deyishgan. ‘Pasport stol’dagilar ‘xo‘p’ deb, pasportni olib qolishgan va ertasiga to‘g‘irlab berishgan. Haqiqatan ham pasportda hozirda ayol deb yozilgan. Ammo onam bazada hamon erkak sifatida qolib ketgan ekan”, — deydi Bibixol Eshmirzayevaning o‘g‘li Asqar Rahimov.

Aytilishicha, Bibixol Eshmirzayeva 2019-yil oktabr oyida nafaqaga chiqish taraddudiga tushgan. Va hujjatlar topshirgan. Biroq ma’lumotlar bazasida erkak sifatida qayd etilgani bois ishlari to‘xtab qolgan.

“Oktabr oyida fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga yana murojaat qildik va o‘sha paytda yo‘l qo‘yilgan xato to‘g‘irlanmaganini — fuqaroning ingliz tilida jinsi ko‘rsatiladigan qismida lotincha “M” harfi turganini, bu inglizchada ‘man’ ya’ni erkak degan ma’noni berishini tushuntirdik. Ammo xodimlar bu bizning xatomiz emas, o‘sha paytda ishlagan xodimlarning xatosi, shuning uchun yana davlat boji to‘lasangiz to‘g‘irlab beramiz deyishdi. Imkonsizlikdan xo‘p dedik. 23-oktabr kuni ‘pasport stol’ga borib, davlat bojini qayta to‘lab onamni rasmga tushirdik. Bir haftada tayyor bo‘ladi, deyishdi. Ammo 1-noyabr kuni qo‘ng‘iroq qilishib, onamni yana olib borishimizni va qayta rasmga olishlari kerakligini aytishdi. Sababini so‘rasak alohida guruh qilib, pasportni tezlashtirishlarini aytishdi. Yana rasmga tushdik. Eng qizig‘i, 8-noyabr kuni yana qo‘ng‘iroq qilib, kelib rasmga tushib keting deyishdi. Sabr kosasi to‘lagan otam jahl qilib, bormaymiz dedi. Shu-shu mana necha oydirki, sarsonmiz”, — deydi Asqar Rahimov.

Asqar Rahimovning qo‘shimcha qilishicha, bu haqda IIVning 11-02 qisqa raqamlariga ham murojaat qilishgan. Lekin natija yo‘q.

“Bugun ertalab telefon qilishdi va pasport tayyor olib keting deyishdi, ammo unchalik ham ishonmayapmiz”, — deydi Asqar Rahimov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rim papasi Putin va Zelenskiyga murojaat yo‘lladi
Sport
APL. “Manchester Siti” 9 ta gol urilgan derbida “Manchester Yunayted”ni tor-mor etdi. Holand va Fodendan het-trik
Sport
Superliga. “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor”ni mag‘lub etib, yakka peshqadamga aylandi