Iroqda qo‘lbola portlash moslamasining faollashtirilishi natijasida portlash yuz berdi, oqibatda besh nafar Italiya harbiysi turli darajadagi tan jarohatlari oldi, deb xabar berdi “Regnum”.
Xabarga ko‘ra, talafot ko‘rganlar vertolyotda Bag‘doddagi harbiy shifoxonaga yetkazilgan. Yaralanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda.
Italiyalik harbiylar Iroq askarlarini terrorchilarga qarshi kurashishga o‘rgatish maqsadida mamlakatga kelgani xabar qilinmoqda.
Oktabr boshida Iroqda boshlangan xalqning norozilik namoyishlari vaqtida poytaxt Bag‘dodda hukumat, xorij elchixonalari joylashgan “yashil hudud”da ikkita portlash yuz bergan. Raketalardan biri Turkiya elchixonasi yonida, ikkinchisi esa Al-Xarisiya ko‘prigi yonida portlagan.
Iroqdagi hukumatga qarshi namoyishlar 1-oktabrda boshlangan. 2-oktabrda Iroq hududining 75 foiz qismida internet o‘chirib qo‘yilgan va 11-oktabrda qayta ishga tushirilgandi. Iroqdagi namoyishlarning birinchi bosqichida kuchishlatar tizim hamda xalq o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida 157 nafar odam: 149 nafar fuqaro va 8 nafar xavfsizlik xizmati xodimlari halok bo‘lgan, qariyb 3,5 ming odam turli darajadagi tan jarohatlari olgan.Mavzuga doir: Inson huquqlari bo‘yicha Iroq oliy komissiyasi Karbalodagi namoyishlarda halok bo‘lganlar sonini e’lon qildi