Afg‘oniston islom respublikasi hududida IShID terrorchilik tashkilotining bo‘linmalari butunlay yo‘q qilingan. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Masud Andrabiy ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.
“IShID jangarilari mag‘lubiyatga uchradi va Afg‘onistonda butunlay tor-mor etildi”, — deya ta’kidlagan Andrabiy mamlakat janubida joylashgan Nangarxar viloyatidagi politsiya boshqarmasi yangi rahbarini tanishtirayotgan vaqtda so‘zlagan nutqida. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, IShIDning kichik bo‘linmalari Afg‘oniston hukumati kuchlariga taslim bo‘lmoqda, mamlakatning boshqa hududlariga qochishga urinayotgan jangarilari esa maxsus operatsiyalarda davlat harbiy kuchlari tomonidan yo‘q qilinmoqda.
Shuningdek, Masud Andrabiy mahalliy aholi ham muntazam armiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgani va xorijning hech bir terrorchilik tashkilotiga Afg‘onistonda o‘z pozitsiyasini mustahkamlashiga aslo yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
Mavzuga doir:
5-noyabrdan 6-noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgan, to‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarachilarning avtomatlarini egallab olgan, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi yo‘q qilingan va 5 nafar jangari qo‘lga olingan.
Jangarilar so‘roq qilinganidan keyin ularning Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari ekanligi aniqlangan. Hujum uyushtirganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari bo‘lgani, qo‘lga olingan va halok bo‘lganlar orasida ayollar ham borligi xabar qilindi. Afg‘oniston hukumati vakillari IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib, 6-noyabrda chegara postiga hujum uyushtirganini inkor etdi.
8-noyabr kuni Tojikiston bosh prokuraturasi chegara postiga uyushtirilgan hujum yuzasidan jinoyat ishi ochgan, O‘zbekiston chegarachilari esa terrorchilik hujumidan so‘ng Tojikiston bilan chegaradosh hududlarni qo‘riqlashni kuchaytirgan. Keyinchalik IShID ushbu hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Tojikiston tomondan halok bo‘lganlarning soni 2 emas balki 6 nafar ekani ma’lum bo‘ldi, biroq hukumat ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.