8-noyabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokistonning O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan favqulodda va muxtor elchisi Irfan Yusuf Shamini qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: TIV matbuot xizmati

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, BMT, IHT, ShHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda har ikki tomonning izchil sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston—Pokiston munosabatlari deyarli barcha sohalarda yangi bosqichga ko‘tarildi.

Uchrashuv yakunida vazir elchiga mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Elchi o‘z navbatida Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi rahbari sifatidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.