7-noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Ichki ishlar organlarida migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi Onlayn”.

Foto: “Daryo”

Matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, polkovnik Shohrux G‘iyosov, vazirlik Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi rahbariyati, mas’ul xodimlari, shuningdek, respublika va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi mobaynida O‘zbekiston Prezidentining 23 ta farmoni asosida 4 951 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.

Tegishli hujjatga muvofiq, jami 56 ta davlat fuqarolariga 30 sutkagacha vizasiz mamlakatga kelishlari, bu yerda bo‘lishlari, 111 ta davlat fuqarolariga respublika hududida ko‘chmas mulk sotib olish va yashash guvohnomasini olish huquqi, 76 ta davlat fuqarolariga elektron viza rasmiylashtirish, bundan tashqari, “Vatandosh”, “Investitsiya” vizalari hamda “Faxriy fuqaro” guvohnomasi joriy etilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining 2012-yil 1-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i asosida o‘n oy davomida Toshkent shahri bo‘yicha jami 32 380 nafar, Toshkent viloyati bo‘yicha 7 462 nafar fuqaro doimiy ro‘yxatga olingan.