Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ayrim OAVlar ba’zi hollarda mavjud jarayon yoki mas’ullar tomonidan bildirilgan fikrni noto‘g‘ri talqin etishi natijasida odamlarda o‘sha sohaga nisbatan munosabatning salbiylashishiga olib kelayotganini tanqid qildi.

Foto: O‘zA

Jumladan, kuni kecha Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xojiboyev tomonidan bildirilgan munosabatni ayrim OAV vakillari asosiy kontekstdan uzib olib, umuman boshqa ma’noda talqin qilishgani ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab o‘rinsiz muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Aslida esa siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan tibbiyot xodimlari moddiy ta’minotini kuchaytirish xususidagi fikrlarga nisbatan bildirgan munosabat umuman boshqacha mazmunda edi. Unda bildirgan fikrni aynan keltiramiz: ‘Oxirgi ikki yil ichida shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida faoliyat yuritadigan 500 ga yaqin vrachning 160 dan ortig‘i xususiy tibbiyot muassasalariga ishga o‘tib ketdi. Asosan yuqori malakali shifokorlar shunday ish tutdi. Bu, tabiiy, deb o‘ylayman.

Chunki xususiy klinikalarda oylik maosh katta va salohiyatga talab ham shunga yarasha. Ayni damda sog‘liqni saqlash sohasida 60 mingdan ziyod shifokor ishlaydi. Bir yil ichida ularning oylik maoshi 40 foizga ko‘tarildi. Menimcha, endi sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha xodimlarning oylik maoshini birday oshirish kerak emas. Ularning malakasi, o‘sish potensialiga qarab moddiy rag‘batlantirish kerak. Buni vazirlikning o‘zi amalga oshira olmaydi. Parlament bu bo‘yicha qonunlar doirasida aniq mexanizmni ishlab chiqishga ko‘maklashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi’.

Ushbu bildirilgan mulohazaning ma’lum qismini umumiy kontekstdan uzib olib, deyarli teskari mazmunda, asossiz vahima bilan talqin etilishi aholi e’tiroziga, va tabiiyki, shifokorlarning ham noroziligiga sabab bo‘ldi. Aslida esa tibbiyotda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ijrosi yo‘lida tinim bilmay mehnat qilayotgan shifokorlarimiz har qancha qo‘llab-quvvatlashga, ehtiromga munosib.

Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari vakillaridan har bir jarayonga yoki bildirilgan munosabatga xolis yondashgan holda, mazmun-mohiyatini aholiga to‘g‘ri va tushunarli tarzda yetkazishga harakat qilishlarini so‘rab qolamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi