6-noyabr kuni Samarqand shahar Qorasuv dahasidagi “Obod maskan” mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uy qurilishida 10 nafar quruvchi o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi. Janjal oqibatida to‘rt kishi, shu jumladan, uch nafar Turkiya fuqarosi jarohat olgan. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, uch nafar turkiyalik quruvchi isinish uchun qurilish maydonida olov yoqqan. Olov yoniga yana bir quruvchi, O‘zbekiston fuqarosi kelgan va ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan, shundan so‘ng kelishmovchilik mushtlashuvga aylangan. Mushtlashuvga yana olti nafar ishchi qo‘shilgan.

Natijada to‘rt kishi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur mahallada qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda ustachilik qilayotgan besh kishi 4-noyabr, dushanba kuni is gazidan zaharlangan edi. 4-noyabrdan 5-noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:30 da ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlayotgan besh nafar usta yotoqxona sifatida foydalanilayotgan xonani isitish maqsadida temir idishda o‘tin cho‘g‘ini xonaga olib kirib uxlagan. Natijada, ular is gazidan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.