Qirg‘iziston janubi-g‘arbiy qismidagi Moylisoy shahri yaqinidagi dunyodagi eng yirik radioaktiv chiqindilar ombori tufayli Farg‘ona vodiysiga ekologik falokat tahdid solmoqda. Bu haqda Reuters va Euronews’da chop etilgan maqolalarda aytiladi.

Foto: Reuters

Qayd etilishicha, radioaktiv chiqindilar ombori va uran koni nazoratdan chetda qolgan. Bu esa ekolog va shifokorlarning xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

“Men u yerga borib, shaxsan o‘zim tekshirdim: U yerda radiatsiya miqdori soatiga 100 mikrorengenni tashkil etadi. So‘nggi yillarda bu yerda 2—3 ta uy qurildi”, — deydi Moylisoy umumiy tibbiy amaloyot markazi direktori Tinarbek Dokbayev.

Qirg‘iziston hukumati Moylisoydagi radioaktiv chiqindilar omborini mamlakatdagi eng xavfli omborxonalardan biri ekanligini tan oladi.

Sentabr oyida parlament eshituvlarida bosh vazir o‘rinbosari Kubatbek Boronov chiqindilar daryoga oqizilgan taqdirda mintaqaviy darajadagi falokat xavfi yuzaga kelishi haqida gapirgan edi. Ekologlar bu borada shoshilinch choralar ko‘rish zarur ekanligini aytmoqda.

“Hozirda suyuq sanoat chiqindilarining daryoga oqib ketishining oldini olishi kerak bo‘lgan to‘g‘onlar yaroqsiz holga kelgan. Farg‘onada 14 million kishi yashaydi. Agar radioktiv chiqindilar Norin daryosiga oqib ketsa bu vodiyning barcha aholisi uchun yirik fojia bo‘ladi”, — deydi ekolog Bolotbek Karimov.

Sovet davrida Moylisoy uran moddasini qazib olish va qayta ishlashdagi muhim markazlardan biri bo‘lgan. Hozirda esa shahar nogironligi bo‘lgan insonlar soni bo‘yicha yetakchilik qiladi.

Bir necha yil oldin Jahon banki dasturi doirasida yopiq kon-boyitish zavodlaridan qolgan 23 ta radioaktiv moddalar qabristonlaridan biri xavfsizroq joyga ko‘chirildi.

2020-yilda hukumat Markaziy Osiyo mamlakatlarida radioaktiv qabristonlarini reabilitatsiya qilish qilish va omborxonalar meliorativ holatini yaxshilashni boshlashni rejalashtirmoqda. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 82 million yevro mablag‘ ajratdi.