Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga uringan shasxlar fosh etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

“Sayxun” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida “A.S.R.” MChJ tomonidan xorijdan keltirilgan 2 turdagi 30 tonna (42,7 ming metr uzunlikdagi) matolarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida ularning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi kodlari o‘zgartirilganligi aniqlangan.

Aslida tukli matolar hisoblangan mazkur gazlamalar hujjatlarda rangli iplardan tayyorlangan trikotaj matolar sifatida tasniflangan. Bu esa bojxona to‘lovlarining to‘g‘ri va to‘liq hisoblanishiga to‘sqinlik qiladi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Hozirda ushbu tovarlar vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ularning umumiy qiymati jami 1,2 milliard so‘mdan oshadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qo‘mita tomonidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.