Autizm eng og‘ir ruhiy xastaliklardan biri hisoblanadi. Bu dardga yo‘liqqan odamlarga ko‘maklashish, ular to‘laqonli hayot kechirishiga sharoit yaratib berish bugun ko‘plab davlatlarda dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bunday muammo O‘zbekistonda bo‘lmasa ham, xastalik keng tarqalmagan bo‘lmasa ham, autizmga chalingan har qanday fuqaroga jamiyat befarq bo‘la olmaydi. Ayniqsa autizmga yo‘liqqan bolalar jamiyat uchun og‘ir muammo hisoblanadi. Shu munosabat bilan “Daryo” psixolog Darya Pereverzevaning autizmga yo‘liqqan bolalarni ijtimoiy hayotga moslash borasidagi fikrlarini keltirib o‘tadi.

Foto: Google Photos

Autistik spektrning buzilishi (ASB) – o‘zaro sotsial munosabatlar, fikr almashinuvi sifatining buzilishi va o‘zini tutishida stereotipik xarakter va qiziqishlarni birlashtiruvchi buzilishlar guruhi hisoblanadi. Simptomlar bola uch yoshga to‘lgunga qadar sezilishi kerak. Autizm – klinik tashxis va u bolaning o‘zini tutish kuzatuvlariga asoslangan holda qo‘yiladi.

Autizm ko‘rinishlarining spektri juda ham keng. Oldiningizda yaqqol intellektual yetishmovchiligi bo‘lgan yoki yuqori kognitiv xususiyatlarga ega, hattoki iste’dodli bo‘lgan bola o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Ba’zan gapirish jarayonining qo‘pol sekinlashuvi yoki aksincha yoshiga mos bo‘lmagan o‘ta rivojlangan so‘zlash qobiliyati va so‘z boyligiga ega bo‘lishi mumkin. Bu holatlarning barchasini sotsial o‘zaro aloqalar va fikr almashinuvining buzilishi birlashtirib turadi. Sabablar va patogenetik mexanizmlar esa har xil bo‘ladi. Misol uchun, ish faoliyating buzilishi autizm simptomlarini keltirib chiqaradigan ikki yuzdan ortiq genlar aniqlangan.

O‘zaro sotsial aloqalar

Sotsial adaptatsiyaning rivojlanib ketishi va muvaffaqiyatli o‘tishining prognozi turlicha. Umuman olganda, autistik buzilishlar spektri kengligini hisobga olsak, bu kasallik bilan o‘rtacha og‘rigan bolani tasavvur qilish qiyin. Prognoz esa autizmning qaysi formasi bilan ishlashimizga bog‘liq bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, oddiygina intellektual yetishmovchiligi bor Daun bilan kasallangan bemorning prognozi autizm va intellektual yetishmovchilik bor bemornikidan ko‘ra yaxshiroq. Xuddi shunday, agar yuqori funksional intellektga ega autistlar – normal intellektga ega odamlar – haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning realizatsiya imkoniyatlari (mustaqil yashash, mutaxassislikka va ishga ega bo‘lish) neyrotipik tengqurlarinikidan ko‘ra anchagina qiyinroq.

O‘zaro sotsial aloqalar – bu insonning asosida sotsial motiv yotgan har qanday xatti-harakatlaridir. Misol uchun, tabassum yordamida suhbatdoshingizda o‘zingizga moyillikni oshirasiz. Ko‘ruv kontakti yordamida suhbat davomida bir-birimizga qaraymiz va suhbatdoshimiz bizni tushunyaptimi, unga biz gapirayotgan mavzu qiziqmi – baho beramiz. O‘zining yaxshi va yomon kechinmalarini bo‘lishishga intilish. Bizning har qanday xatti-harakatimiz sotsial yo‘nalishga ega desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tasavvur qilamiz: bola maktabga boryapti, ota-onasi uni maqtashlari uchun u yaxshi baho olishga harakat qiladi. Uning harakatlari asosida sotsial motiv yotibdi: u buni 5 raqami 2 sonidan chiroyliroq bo‘lgani uchun emas, balki o‘zini boshqa odam tomonidan tan olinishi uchun qilyapti. Normada shunday bo‘ladi. Rivojlanishdagi boshqa buzilishlarda ham shunday bo‘ladi. Faqat autizmda emas. Autizm bilan og‘rigan bolalarda bu xulq-atvor erta yoshlardayoq buziladi.

Foto: “Postnauka”

Predmetlarni qayta va qayta tartibga keltirish – autizmning ehtimolli belgisi

Buzilish shunga olib keladiki bola malaka muloqot davomida uzatiladigan ta’lim formalaridan mosuvo bo‘ladi. Autizming erta belgilaridan biri boshqa odamning nigohini kuzata olmaslik. Bola suhbatdoshi qayoqqa qarayotganini tushunmaydi, demak, nima uning diqqatini tortdi, nima qiziq, nima xavfli, onasi nima haqida gapiryapti tushunmaydi. Oddiy holatni tasavvur qiling: ona ko‘rganini bolaga izohlab beryapti: “Ana kuchukcha yugurib ketdi, mana mushuk, anavi yerda samolyot uchib ketdi”. Ona farzandi ham u qarab turgan narsaga qaraganini, ikkalalari ham bir narsaga nigoh tashlab turganliklarini tushunib turganligi uchun bu ishni qilyapti. Ana endi tasavvur qiling bola onasining nigohini kuzata olmaydi va u qaragan tomonga qaramaydi. Bu holatda u ko‘rib turgan narsa va unga aytilayotgan ma’lumot o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lmaydi. Mana shuning o‘zi gapirish qobiliyati rivojlanishing sekin kechishiga sabab bo‘ladi. Boshqa bir misol – bolaning diqqatini o‘ziga tortgan narsani ko‘rsatuvchi ishora. Bu senga kerakli bo‘lgan narsaga boshqaning diqqatini jalb qilish qobiliyati. Bu ko‘nikmaning 1.5 yoshli bolada yo‘qligi – jiddiy xavotir uchun sabab.

O‘zaro sotsial munosabatlarning buzilishi mavzusini davom ettirgan holda “psixologik modelni (theory of mind)” eslab o‘tish mumkin. Psixik model – boshqa odam nimani biladi, nimani yaxshi ko‘radi, nimaga qiziqadi, nima haqida o‘ylashi to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz. Qandaydir suhbatni boshlayotganimizda uni to‘g‘ri kelgan joydan emas,aksincha suhbatdoshimiz allaqachon biladigan joydan mo‘ljal olgan holda boshlaymiz. Aniqroq aytadigan bo‘lsak – bizning fikrimizcha u biladigan joydan. Mana shu uning fikrlash obrazi haqidagi modelimiz psixologik model bo‘ladi. Ba’zan biz xato qilamiz va o‘rtada tushunmovchilik paydo bo‘ladi. Lekin psixologik model tug‘ma qobiliyat emas. Yosh bolalar o‘zini boshqa inson o‘rniga qo‘yib ko‘rishga moyil emas va ular biladigan narsani boshqalar ham biladi deb o‘ylaydi. Ma’lum yoshga etgandan so‘ng bunday emasligini tushunib yetishadi. Biroz g‘amgin tuyulishi mumkin, lekin psixologik modelning kamolotga yetganligining kriteriyasi aldash qobiliyatining paydo bo‘lishi. Autizm bilan kasallangan bolalarning ma’lum qismida psixik model rivojlanishida tutilishlar yuz berishini ko‘rsatuvchi tadqiqotlar o‘tkazilgan. Bu esa bolalarda boshqa odamning o‘y-fikrlari, bilimlari va hissiyotlari haqida tasavvur yo‘qligini va ular bu ma’lumotni o‘zlarining yurish-turishida mo‘ljal olish uchun foydalanmasliklarini anglatadi.

Keyingi simptomlar guruhi – kommunikatsiyaning buzilishi. Kommunikatsiya - o‘zaro ma’lumot almashish. Biz ma’lumotlarini verbal –so‘z yordamida og‘zaki yoki yozma holda va noverbal - so‘z o‘rnini bosuvchi xatti-harakatlar, imo-ishora, normal mimika bilan beramiz.

Autizm bilan og‘rigan bemorlarda nutq sekin va yaqqol o‘ziga xoslik bilan rivojlanadi. Sekin rivojlanish so‘zlar va jumlalarning kechroq paydo bo‘lishida va maxsus agrammatizmda namoyon bo‘ladi. Ko‘p hollarda nutq stretipik, bola tez-tez iqtiboslar yoki yodlab olgan jumlalari bilan gapiradi, mustaqil gap tuzmaydi. Tez uchrab turadigan simptom – exolaliya – faqat eshitgan gapini takrorlash. Har qanday holatda ham, nutq muloqot uchun foydalanilmaydi. Autist bolada noverbal kommunikatsiya – imo-ishora va mimika – ham buziladi. Nutqi rivojlanishdan ortda qolayotgan bola ishoralar, mimika bilan o‘zining fikrlarini yetkazib berishi mumkin. Autizm bilan kasallangan bola esa buni qila olmaydi.

Uchinchi simptomlar guruhi – chegaralangan stereotpik qiziqishlar xarakteri. Bu namoyon bo‘lishining ko‘plab variantlari bor. Autizmga chalingan yuqori funksional insonlar bitta tor doiradagi mavzuni chuqur o‘rganishi va boshqa hech narsaga e’tibor bermasligi mumkin. Rivojlanishdan ortda qolgan bolalarda bu narsa bundanda xunuk holatda namoyon bo‘lishi mumkin. Bu bolalar aniq bir sezgiga diqqatini qaratganda sensomotor stereotiplarda namoyon bo‘lishi mumkin: suvga qarab turadi, ko‘zlari oldida barmoqlarini harakatlantiradi yoki qandaydir tovushga diqqat qaratadi. Bunday xatti-harakatlarning asosida bir xildagi his-tuyg‘ularni his qilishga intilish yotadi. Shuning uchun bu guruh simptomlarini korreksiyalash juda qiyin. Bola bir xildagi tuyg‘ularni tuyishni xohlaydi, har doim shu faoliyatga qaytishga intiladi, bu realizatsiyasi uchun unga hech kim kerak emas. Bu faoliyat o‘zini-o‘zi mustahkamlab boradi va hech qanday rivojlanishga ega bo‘lmaydi.

Jamiyatlashtirish jarayoni

“Autizm” so‘zi ostidagi barcha buzilishlar spektrini tushungandan so‘ng, bu defitsitlarni oshib o‘tish naqadar qiyinligi ayon bo‘ladi. Biz bolaga atrof muhit bilan munosabatda bo‘lishiga, boshqa odamlarga mo‘ljal olib yangi ko‘nikmalar orttirishiga imkoniyat beradigan bazaviy mexanizmlar buzilgan rivojlanish formasi bilan ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Aksiga olib jamiyatdan, sotsial orientirlardan ajralib qolish juda erta boshlanadi. Hozirgi kunda autizmni medikamentoz davosi yo‘q, chunki kasallikning kelib chiqish mexanizmlari noma’lum. Faqatgina kuchli qo‘zg‘alish bilan bog‘liq simptomlarni pasaytirib turish uchungina bir qator preparatlar mavjud xalos.

Hozirda bu holatdan chiqishning yagona yo‘li – bu psixologik va pedagogik korreksiya. Ayni vaqtda xulq-atvorning biheviorizm prinsiplariga asoslangan amaliy analizi (Applied Behavior Analysis - ABA) effektivligi yuqori metodika sanaladi. Asosiy g‘oya shundaki, har qanday xatti-harakat uni chaqiradigan sababiga ega va uning oqibatlari yoki uni mustahkamlaydi yoki so‘ndiradi. Xulq-atvor korreksiyasi tashqi muhit stimullarini maqsadli manipulyatsiyasi yordamida amalga oshiriladi. Bu esa kerakli ko‘nikmalarni shakllantirishga va keraksiz xatti-harakatlarni so‘ndirishga xizmat qiladi. Bu yondashuvda barcha qiyin ko‘nikmalar kichik bloklarga - harakatlarga-] ajratiladi. Har bir harakat bolaga alohida-alohida o‘rgatiladi, keyin bir zanjirga ulanadi va qiyin ko‘nikma hosil qilinadi.

Ko‘pincha rivojlanishdagi qiyinchiliklarni yengib o‘ta olishmaydi, shuning uchun har ikki taraf ham harakat qilishi kerak. Sotsializatsiya – bu jamiyatdagi hayot: maktabda ta’lim olish, muzeyga yoki teatrga yoki magazinga birga borish, kasbga ega bo‘lish. Shu sababli bolaning sotsializatsiyalashtirish bevosita jamiyatning bu bolani qabul qila olish imkoniyatlariga bog‘liq. Bugungi kunda inklyuziv ta’lim rivojlanmoqda va rivojlanishida o‘ziga xosliklarga ega bolalar ommaviy maktablarda o‘qib bilim olishi mumkin, maktab esa har qanday bolani qabul qila olish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur. Bu juda ham qiyin va mashaqqatli yo‘l va yaxshi o‘ylab chiqilmagan uning qatnashchilari va har bir bola uchun tushunarsiz bo‘lgan amaliyot omadsiz yakun topishi mumkin. Ammo pirovardida, o‘ylashimizcha bir avlod miqyosida bu amaliyot o‘z natijasini beradi. Zamonimiz bolalari oramizda rivojlanishida o‘ziga xosliklarga ega odamlar – autizm, Daun sindromi va boshqa kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar – borligini bilib katta bo‘lishadi. Va o‘shanda autizmga chalingan insonlar jamiyatdan kamroq izolyatsiyalanadi. Jamiyat qanchalik darajada har xil insonlardan tashkil topgani haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, u shunchalik o‘zgacha insonlarni oson qabul qiladi va boshqalarga o‘xshamaydigan ko‘plab kishilar unga moslashadi.