Krasnoyarsk o‘lkasidagi damba o‘pirilgan hududda bedarak yo‘qolgan 5 nafar ishchidan ikki nafarining jasadi topildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Rossiya FVV

Shu tariqa, mazkur hodisa qurbonlari soni 17 kishiga yetdi.

Mazkur texnologik avariya yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish Tergov qo‘mitasi Tergov bosh boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazilgan. So‘roq davomida dambalar egasi bo‘lgan “Sisim” kompaniyasi bosh direktori suv ostida qolgan binolardan birida seyfda oltin borligi haqida ko‘rsatma bergan.

FVV xodimlari binodagi suvni qochirish ishlaridan so‘ng ichida oltin va konsentrat bo‘lgan ushbu seyfni topgan. Tergov oltinni jabrlanganlarga tovon puli sifatida to‘lash uchun xatlashga qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Krasnoyarskda damba o‘pirilishi oqibatida bedarak yo‘qolganlar ichida O‘zbekiston fuqarosi ham borligi ma’lum qilingandi.