Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiyaga jo‘nab ketishi oldidan jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Eron hamda Fransiyaga Suriya shimoli-sharqidagi harbiy operatsiyalar sabab Anqarani tanqid qilganlari uchun javob qaytardi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Eron rasmiylari bildirayotgan bayonotlar menga yoqmadi. Ushbu fikrlarni Ruhoniy aytayotgani yo‘q, lekin u o‘z hukumati a’zolarini jim bo‘lishga majburlasa yaxshi bo‘lardi. Menga va Turkiyaning do‘stlariga bu kabi gaplarni eshitish yoqmaydi. Ushbu gaplarni Eron rasmiylarining tanqidlariga javob tarzida aytayapman.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Turkiya prezidenti.

Shuningdek, Erdo‘g‘on Fransiyaning Turkiya Suriyadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishini talab qilganiga ham munosabat bildirdi.

Makron menga bu haqda gapirmagan. U ushbu masalani terrorchilar (Turkiya Kurdiston ishchi partiyasi hamda “Suriya demokratik kuchlari” guruhlarini “terrorchi” deb hisoblaydi) bilan muhokama qilmoqda. Fransiya bizning muzokaralarda ishtirok etmayapti va Turkiya bu boradagi masalalarni faqat AQSh bilan hal qiladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Turkiya prezidenti.

Shuningdek, Turkiya davlat rahbari “Suriya demokratik kuchlari” guruhi jangarilarning talablarni bajarmasa harbiy harakatlar avvalgidan ham kuchliroq bo‘lishini bildirgan. Hozirgacha xavfsiz zona tashkil qilinadigan hududni 700-800 nafar odam tark etgan, yana 1300 nafar odam hududdan ketishda davom etmoqda. Rejaga ko‘ra Iroqdan Jerablusga qadar 32 kilometr kenglik va 444 kilometr uzunlikda “xavfsiz zona” tashkil qilinadi. Turkiya “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi davomida 2200 kvadrat kilometr hududni tozalagan. Ushbu harakatlarda 160 ta fuqarolik punktlari Anqara qo‘shinlari ixtiyoriga o‘tgan va 775 nafar terrorchi neytrallashtirilgan.

Erdo‘g‘onning aytishicha, operatsiya davomida 7 nafar turk harbiysi, 79 nafar Suriya hukumat qo‘shini askari va 20 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Turkiya Suriya shimoli-sharqidagi kurd jangarilariga qarshi qaratilgan “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini 9-oktabrda boshlagan. 17-oktabrda Turkiya hamda AQSh o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralardan keyin Anqaraning harbiy harakatlari 120 soatga to‘xtatilgan.