Turkiya Suriya shimolida “Tinchlik bulog‘i” deb nomlangan harbiy operatsiyani boshladi. Bu operatsiya tufayli Anqaraning G‘arb bilan munosabatlari yanada yomonlashdi, ko‘plab davlatlar Turkiyaga qurol sotishni to‘xtatdi va yanada jiddiy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Shu munosabat bilan tayyorlangan materialda “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev Turkiya va kurdlar o‘rtasidagi ixtilof tarixiga nazar tashlaydi hamda bugungi kunda mintaqada bo‘layotgan voqealarga baho beradi.

Qisqacha tarix

Kurdlar – Yaqin Sharqda, Sharqiy Eron, Sharqiy Turkiya, Iroq shimoli va Suriya shimolida istiqomat qiladigan xalq. Bugungi kunda kurd xalqi taxminan 40–45 million atrofida deb baholanadi. Kurd tili hind-yevropa oilasining eron guruhiga mansubdir. Kurdlar Yaqin Sharqdagi turli mamlakatlarda yashaydigan elat bo‘lgani uchun turli shevalarda gaplashadi. Kurd xalqi asosan islom dinining sunniy mazhabiga mansub bo‘lsa-da, ular orasida shialar, xristianlar hamda yazidlarni topish mumkin.

Hozirgi davrda kurdlar o‘z davlatchiligiga ega bo‘lmagan xalqlardan biri hisoblanadi. Tarixga nazar tashlasak, 1920-yilda Antanta va Turkiya o‘rtasida imzolangan Sevr tinchlik bitimiga muvofiq, mustaqil Kurdiston davlatini tuzish nazarda tutilgan edi, biroq bu bitim kuchga kirmadi va 1923-yilgi Lozanna shartnomasi bilan uning shartlari bekor qilindi. Natijada kurdlar bir necha bor Turkiyaga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Ulardan eng yirigi va fojialisi Dersim qatliomi bo‘lib, unda 13 mingdan 70 minggacha odam halok bo‘lgani aytiladi.

Foto: Wikipedia

1961-yilda Iroqdagi kurdlar tanaffuslar bilan bir necha o‘n yillab davom etgan qo‘zg‘olon boshladi. Kurd millatchiligining o‘sib borishi 1978-yilda Kurdiston ishchi partiyasining tuzilishiga olib keldi. Mazkur partiya asosiy maqsadi sifatida Turkiya hududidagi kurdlarning mustaqil davlatini tuzishni belgilab oldi. Ammo Kurdiston ishchi partiyasi 1993-yildan boshlab o‘z siyosiy maslagini biroz o‘zgartirdi va Turkiya tarkibida muxtoriyat maqomi olish uchun harakat qila boshladi. Shu davrdan beri kurdlar muxtoriyat uchun kurashib kelmoqda.

1999-yilda Turkiya Kurdiston Ishchi partiyasi yetakchisi Abdulla O‘jalanni Keniyada qo‘lga oldi. Bunga AQSh va Isroil maxfiy xizmatlari yordam berdi. Shundan keyin kurdlarning partizanlik urushi so‘na boshladi, ammo 2005–2006-yillarda kurdlarning partizanlik urush harakatlari faollasha boshladi.

Kurdlar va IShID

Kurd masalasiga yaqin vaqtlarga qadar local muammo sifatida qaralar, u bugungi davrgidagidek dunyo miqyosiga chiqmagan muammo edi. Kurdlar 2003-yili AQShning Iroqqa bostirib kirishi oqibatida keng jamoatchilik nazariga tusha boshladi.

Suriyada IShID tashkil etilgani e’lon qilinganidan so‘ng kurdlar ikki o‘t orasida qolib ketdi: bir tarafdan Suriya hukumati, boshqa tarafdan IShID orasida. Kurdlarni qamchi va qon bilan ushlab turgan Saddam Husaynning hokimiyatdan ketishi, Suriyadagi notinch vaziyat Turkiya hududidagi kurdlar harakatini yanada faollashishiga olib keldi.

Aynan shu paytlarda IShID bilan yuzma-yuz qolib ketgan kurdlar haqida terrorizmga qarshi kurashayotgan millat sifatida gapira boshlashdi. Kurdlar harakati dunyo siyosati sahnasiga chiqdi; bugun kurd masalasi turli qutblardagi kuchlar tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib kelinmoqda.

Iroq va Kurdiston

Iroq Kurdistoni ayni paytda Iroqqa tegishli hududlardagi eng omadlisi desa bo‘ladi. Neftga boy hududlarga egalik qiladigan bu hududda infratuzilma yaxshi rivojlangan, mudofaa tizimi ham a’lo darajada.

Iroq masalasidagi muammolarda kurdlar AQShning yaqin ittifoqchisiga ham aylanib ulgurgan. Bu esa iroqlik kurdlarga milliy muxtoriyati hamda ta’sirini oshirib olishga imkon bergan. Natijada Iroq Kurdistoni 6 million aholi istiqomat qiladigan, 40 ming kvadrat kilometr maydonga ega o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon tuzilmaga aylandi. Iroq Kurdistoni o‘z prezidentiga va hududiy kengash – parlamentiga ega bo‘lib, bu parlamentda 111 deputat faoliyat olib boradi. Poytaxt Arbilda hattoki xalqaro aeroport ham mavjud bo‘lib, bu Bag‘dodga tushmay Kurdistonga borish imkonini beradi.

Turkiya va kurdlar

Turkiya uchun Kurdistonning rasmiy Bag‘dodga iqtisodiy tobe bo‘lishi manfaatli. Turkiyada 20 millionga yaqin kurd yashayotganini nazardan qochirmasak, Turkiyaning kurdlar borasidagi tashvishlarini tushunish mumkin. Kurdistonning Iroq tarkibida qolishi Iroq neftining Turkiyaga oqib kelishini anglatadi, shunday ekan, kurdlarning mustaqilligidan tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Mabodo Kurdiston mustaqillikka erishgudek bo‘lsa, bu rasmiy Anqaraning siyosatini doimo qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib kelayotgan kurdlarning Turkiya hukumati uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i masalasiga ham aylanishi mumkin.

Foto: Google Photos

Kurdlarning muxtoriyatga intilishi turk hukumatining qarshiligiga uchrab keladi. Turkiya nazdida kurdlar “ayirmachi bo‘lg‘inchilar”dir. Kurdiston ishchi partiyasi Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etiladi. Turk matbuotida kurd nomi tez tez qoralanadi. Kurd milliy kiyimi, kurd taomillari, hatto kurd tili taqiqqa uchragan davrlar ham bo‘lgan.

Kurdiston ishchi partiyasining tashkil qilinishi Turkiya va kurdlar o‘rtasidagi adovatni yanada chuqurlashtirib yubordi. 2013-yilda Suriya chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan shaharchada IShID jangarilari terakt uyushtirdi. Terakt oqibatida 33 nafar kurd halok bo‘ldi. Mazkur terakt Kurdiston ishchi partiyasi tomonidan qoralandi va Turkiya IShID jangarilariga mazkur teraktda ko‘maklashgani iddao etildi. Ayblovlardan so‘ng Turkiya Kurdiston ishchi partiyasiga qarshi harakatlarni boshlab yubordi.

2019-yilning 31-avgust sanasida Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, AQShning e’tiroziga qaramasdan, Suriya shimolidagi  kurd harbiylashgan mudofaa guruhlarini tor-mor qilish rejasini e’lon qilgan edi (bu hudud esa AQSh harbiylari tomonidan nazorat qilinadigan hududdir). Rasmiy Anqaraning mazkur bayonotidan keyin Suriya Turkiya-Amerika bitimi Suriyaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan harakat deya e’tirof etdi.

“Tinchlik bulog‘i”

E’lon qilingan reja asosida Turkiya hukumati qo‘shinlari 9-oktabr sanasida Suriyadagi kurd mudofaa bo‘linmalariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” hujum amaliyotini boshlab yubordi. AQSh va G‘arb matbuoti Turkiyaning bu yurishi ortidan Donald Tramp hukumatini kurdlarga xiyonat qilganlikda aybladi. Boisi, kurdlar IShIDga qarshi kurashda AQSh harbiylarining asosiy tayanchi sifatida baholanib kelingan, IShIDni tor-mor keltirishda muhim vazifani bajarib kelgan edi.

Foto: Google Photos

Urush harakatlari boshlanganining 4-kunida kurd mudofaa otryadlari IShID lashkarlari safida bo‘lgan xorijiy davlat fuqarolari Turkiya hujumi natijasida kurdlar qo‘riqlayotgan lagerdan qochib ketgani haqida xabar tarqatdi. Suriya demokratik kuchlari matbuot kotibi Twitter’dagi sahifasida “Sizlarning IShIDga a’zo bo’lgan terrorchilaringizni qo‘riqlayotganimizda bizning oilalarimizni, bolalarimizni havo hujumidan nishonga olishar ekan, bizdan biror narsani kutmasangiz ham bo‘ladi” deb yozdi.

17-oktyabr sanasida Turkiya va AQSh o‘rtasidagi muzokarlar natijasida Anqara harbiy amaliyotini 120 soatga to‘xtatib turishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Kelishuvning asosiy sharti sifatida Kurdiston ishchi partiyasi mudofaa guruhlarini Turkiya belgilagan 30 kilometrlik xavfsiz hududdan Suriya ichkarisiga olib ketishi belgilangan. Ammo Turkiya hukumati kurdlar kelishilgan bitim shartlarini bajarmay, turk harbiylariga qarshi hujumlar uyushtirayotganini iddao qilmoqda. Suriya demokratik kuchlari esa, o‘z navbatida, rasmiy Anqarani kurd mudofaa guruhlarini Ras-al-Ayndan olib chiqib ketishga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblamoqda.

21-oktabr sanasida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Turkiya 35 soatdan keyin Suriyadagi harbiy operatsiyani qaytadan boshlashi mumkinligini e’lon qildi.

Turkiya kurdlarga qarshi jangga kirishining asosiy sabablaridan biri o‘z chegaralari yaqinida kurdlar hujumidan saqlanishdir. Turkiya nazdida, chegara hududlarda kurd ayirmachilari pozitsiyalari zaiflashtirilmasa, bu kelajakda Turkiyaning kurdlar yashaydigan mintaqalarida jangovar harakatlar keng quloch yoyishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, Turkiya hukumati 30 kilometrlik xavfsiz hudud orqali Suriyadagi urushdan qochib kelgan odamlarni vataniga qaytarish istagida. Bu Anqaraning xarajatlarini yanada qisqartirgan bo‘ladi.

Nihoyat, Turkiya Suriya shimolidagi harbiy operatsiya natijasida harbiy qurollari qay darajada ishonchli ekanligini ham sinab olish imkoniga ega bo‘ladi.

Hozirda Turkiya ichida Erdo‘g‘onning Suriya shimolida olib borayotgan “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi aksar turklarga ma’qul kelmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu ham Erdo‘g‘onga kutilgan natijani, ya’ni yaxshi piarni bermoqda.

Operatsiya qanday yakun topadi buni albatta vaqt hal qiladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.