Samarqand viloyatining Toyloq tumani aholisi bir necha yildan beri nosoz ko‘prik muammosidan aziyat chekib kelmoqda. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Foto: “Yangi Davr”

“Nega endi har kuni maktabga borib keladigan o‘quvchilar hayotini xavf ostiga qo‘yib ta’mirtalab ko‘prikdan o‘tishi kerak. Mas’ul mutasaddilar e’tibori qachon mazkur vaziyatga qaratiladi?”, — deyiladi reportajda.

Qayd etilishicha, ushbu nosoz ko‘prikdan, asosan, Toyloq tumani Nayman mahallasi, Samarqand tumani Gulobod, Mirzaobod  mahallasida istiqomat qiluvchi aholi foydalanadi.

“Bu ko‘prik 2—3 asr avval qurilgan. Har kuzda o‘zimiz pul yig‘ib ko‘prikni ta’mirlatamiz. Lekin hozir ko‘prik judayam ayanchli ahvolda. Hokimiyatga borib, murojaat qildik. Boramiz, ko‘ramiz degan mazmundagi xat keldi. Mutasaddilar kelib ko‘rgani yo‘q.

Hozir suv kamaydi, bir amallab o‘tsa bo‘ladi, suv ko‘paysa bu yerdan o‘tishga hamma qo‘rqadi. Mahallamizdagi bir-ikki kishi ko‘prikdan o‘tayotganda suvga tushib ketdi. Tushib ketgan odamni qutqarishning iloji yo‘q bu yerda”, — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Xudoyberdi Sharipov.

Qayd etilishicha, qishda yog‘ingarchilik sharoitida ushbu ko‘prikdan umuman o‘tib bo‘lmaydi. Chunki ko‘prikning yog‘ochdan yasalgan ustki qismi sirpanchiq bo‘lib qoladi. Agar ko‘prikdan o‘tmasdan kanalni kesib o‘tmoqchi bo‘lishsa, 20 kilometr masofa bosib o‘tish kerak, deyiladi reportajda.

Tuman 4-sektor rahbari Shuhrat Sharipovning ta’kidlashicha, ushbu muammo bo‘yicha fuqarolardan unga hech qanday shikoyat kelib tushmagan.

“Men ko‘prikning qanday ahvoldaligini bilaman, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Uni ta’mirlash ishlarini imkon qadar tezroq boshlashga harakat qilamiz”, — deydi Shuhrat Sharipov.